TIV IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi yig‘ilishini yoritish uchun milliy va xorijiy OAV vakillarining ro‘yxatdan o‘tish tartibini maʼlum qildi
TIV IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi yig‘ilishini yoritish uchun milliy va xorijiy OAV vakillarining ro‘yxatdan o‘tish tartibini maʼlum qildi
Joriy yil 23-24 yanvar kunlari Toshkent shahrida O‘zbekiston raisligida Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) Tashqi ishlar vazirlari kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
TIV maʼlumotiga ko‘ra, O‘zbekistonning mazkur tuzilmaga raisligi doirasida o‘tkazilayotgan tadbirda tashqi ishlar vazirlari boshchiligidagi IHTga aʼzo davlatlar delegatsiyalari, shuningdek, Tashkilot Bosh kotibi Husrav Noziriy ishtirok etadi.
Yig‘ilishni yoritish istagini bildirgan milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga quyidagi hujjatlarni taqdim etishi kerakligi maʼlum qilindi:
1) muxbirni akkreditatsiya qilish to‘g‘risidagi OAV rahbariyati murojaati;
2) OAV to‘g‘risidagi maʼlumot;
3) akkreditatsiyadan o‘tadigan shaxslarning tarjimai holi (rezyume /CV), pasport nusxasi va fotosurati (3x4 o‘lchamda, kamida 240x320 piksel, ko‘pi bilan 600x800 piksel, to‘liq yuz ko‘ringan holda, oq fonda);
5) to‘ldirilgan anketa.
Ommaviy axborot vositalaridan arizalar 2023 yil 20 yanvar Toshkent vaqti bilan soat 18:00 gacha O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari orqali yoki bevosita O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga, jumladan eco-press@mfa.uz elektron manzili orqali qabul qilinadi.
Belgilangan muddatdan keyin kelib tushgan arizalar, shuningdek, zarur maʼlumotlar va to‘ldirilgan anketa ilova qilinmagan murojaatlar ko‘rib chiqish uchun qabul qilinmaydi.
Shu bilan birga, sammitni yoritishda ishtirok etish uchun xorijiy OAVning topshirgan arizalari O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tomonidan ularning akkreditatsiya qilinganligi to‘g‘risidagi tasdiqnomasiz O‘zbekistonga tashrif buyurish va jurnalistik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun asos bo‘la olmaydi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2021 yil 28 noyabr kuni Ashxobod shahrida o‘tgan IHTning o‘n beshinchi sammiti ishida ishtirok etdi. Yig‘ilish yakunida O‘zbekiston 2022 yilda IHTga raislik qilishi eʼlon qilingan edi.