O'zbekiston – BMT: davlatlar va xalqlar manfaati yo'lida ko'p tomonlama hamkorlikka sodiqlik
O'zbekiston – BMT: davlatlar va xalqlar manfaati yo'lida ko'p tomonlama hamkorlikka sodiqlik
TOSHKЕNT, 1-iyul. /"Dunyo" AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish 30-iyun – 1-iyul kunlari rasmiy tashrif bilan O'zbekistonda bo'lib turibdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Bu uning BMT rahbari sifatida mamlakatimizga ikkinchi tashrifidir.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish 2023-yil 19-sentyabr kuni Nyu-York shahrida BMT Bosh Assambleyasi 78-sessiyasi doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan o'tkazgan uchrashuvida BMT va uning barcha institutlari "O'zbekiston – 2030" strategiyasini amaliy ro'yobga chiqarishda ko'maklashishga tayyor ekanini ma’lum qilgan edi. Ushbu bayonot davlatimizni modernizatsiya va demokratlashtirish yo'lidagi islohotlar jahon hamjamiyati tomonidan e’tirof etilayotgani va qo'llab-quvvatlanayotgani, shuningdek, mazkur jabhada olib borilayotgan yangilanishlar samarasidan dalolatdir.
Ta’kidlash kerakki, so'nggi paytlarda O'zbekiston BMT faoliyatida faol ishtirok etmoqda. Xususan, joriy yilning o'zida nafaqat O'zbekiston, balki Markaziy Osiyo uchun birinchi marta mamlakatimiz vakili BMTning muhim va nufuzli organi – Inson huquqlari qo'mitasiga 2025-2028-yillar uchun saylandi. Shuningdek, O'zbekiston 2025-2027-yillarga mo'ljallangan BMT Iqtisodiy va ijtimoiy Kengashi (ECOSOS) va Xalqaro mehnat tashkiloti Ma’muriy kengashi a’zosi bo'ldi.
Ushbu muhim voqealar O'zbekiston erishayotgan yutuqlarning yorqin dalili, barqaror rivojlanish va iqtisodiy o'sishga erishish yo'lidagi izchil sa’y-harakatlarini qo'llab-quvvatlabgina qolmay, balki mamlakatning inson huquqlarini kengaytirish borasidagi prinsipial pozitsiyasi dunyoda keng e’tirof etilganini isbotlaydi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil sentyabr oyida bo'lib o'tgan Bosh Assambleyaning 72-sessiyasi umumiy muhokamalaridagi ishtirokida mamlakatimiz bilan BMT o'rtasidagi samarali va o'zaro manfaatli hamkorlikning yangi bosqichini boshlab berdi, desak mubolag'a bo'lmaydi. O'shandan buyon O'zbekiston rahbari BMT minbaridan deyarli har yili global va mintaqaviy kun tartibining dolzarb masalalari bo'yicha muhim xalqaro tashabbuslarni ilgari surmoqda va ular keyingi yillarda muvaffaqiyatli amalga oshirilyapti.
Xususan, O'zbekiston rahbariyati tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi doirasida "Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash bo'yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash" (2018-yil iyun), "Ma’rifat va diniy bag'rikenglik" (2018-yil dekabr), "Markaziy Osiyoda barqaror turizm va barqaror rivojlanish" (2019-yil dekabr), "Orolbo'yi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish" (2021-yil may), "Markaziy va Janubiy Osiyoda o'zaro bog'liqlikni mustahkamlash" (2022-yil iyul), "Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish" (2022-yil dekabr), "Markaziy Osiyo global iqlim tahdidlari qarshisida: barqaror rivojlanish va farovonlik yo'lida mintaqaviy birdamlikni mustahkamlash" (2023-yil dekabr), "2027-yil – Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yili", (2024-yil fevral), "Markaziy Osiyo davlatlarining giyohvandlik bilan bog'liq muammolarni samarali hal etish va bartaraf etish uchun yagona front bo'lib harakatlanish va hamkorlik qilishga tayyorligi" (2024-yil iyun) va "Xalqaro sivilizatsiyalar o'rtasidagi muloqot kuni" (Xitoy bilan birgalikda, 2024-yil iyun) rezolyutsiyalari qabul qilindi.
Barqaror tinchlikning faol tarafdori va xalqaro maydonda hamkorlikni har tomonlama kengaytirish tashabbuskori sifatida O'zbekiston BMT va uning ixtisoslashgan tuzilmalari bilan o'zaro hamkorlikka doimo katta e’tibor qaratib keladi. 1993-yilda BMTning Toshkentdagi vakolatxonasi ochildi. Shuningdek, yurtimizda BMTning o'ndan ortiq tuzilma va institutlari, jumladan BMT Taraqqiyot Dasturi (BM TTD), BMT Aholishunoslik jamg'armasi (UNFPA), BMT Bolalar jamg'armasi (UNICEF), Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti (JST) va BMT Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo'yicha tashkiloti (UNESCO), BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo'yicha boshqarmasi (UNODC), "BMT ayollar" tuzilmasi, BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo'yicha mintaqaviy markazi, Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT), BMT Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO), Xalqaro migratsiya tashkiloti (XMT) va BMTTD boshchiligidagi BMT ko'ngillilar dasturi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
BMT Sanoatni rivojlantirish tashkiloti (UNIDO) va BMT Atrof-muhit dasturi (UNEP) kabi agentliklar ham BMT tizimi va BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi (UNECE) Birlashgan Millatlar Tashkiloti ishiga hissa qo'shyapti. Jahon banki ham BMT tizimining mustaqil ixtisoslashgan agentligi sifatida mamlakatimizda ham muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
Ko'p tomonlama hamkorlikning asosiy ustuvor yo'nalishlari ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va kambag'alikka qarshi kurash, inson huquqlarini himoya qilish va rag'batlantirish, zamonaviy chaqiriq va va tahdidlarga qarshi kurashish, Afg'onistonni barqarorlashtirish va qayta tiklash, qurol-yarog'larni tarqatmaslik, ekologik muammolarni hal etish, xususan, Orol dengizi inqirozi oqibatlarini yumshatish, turizmni rivojlantirish va boshqalar bo'lib qolmoqda.
Ayni paytda BMT va uning tuzilmalari bilan hamkorlik doirasida 135 ga yaqin qo'shma dastur va loyihalar amalga oshirilmoqda. BMT shafeligida Orolbo'yi mintaqasi aholisini ijtimoiy qo'llab-quvvatlash uchun maxsus Trast fondi faoliyat yuritmoqda. Yirik xalqaro tadbirlar, xususan, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, turizmni rivojlantirish, kambag'allikni qisqartirish, iqlim o'zgarishiga qarshi kurashish va global kun tartibidagi boshqa dolzarb mavzularda hamkorlikda o'tkazilmoqda.
Ta’kidlash joizki, mamlakatimiz BMTning Afg'onistonni mojarodan keyingi tiklanish dasturlarini amalga oshirishga samarali hissa qo'shmoqda. Xususan, O'zbekiston-Afg'oniston chegarasida xalqaro gumanitar yuklarni yetkazib berish uchun ko'prik ochildi. Afg'onistonda ko'plab infratuzilma obyektlari qurilmoqda, shuningdek, Afg'oniston bo'yicha xalqaro konferensiyalar ikki marta (2018 va 2022-yillar) Toshkentda tashkil etildi.
O'zbekiston BMT bilan ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari bo'yicha hamkorlikka ustuvor ahamiyat qaratadi. Bu borada davlatimiz rahbari jahon hamjamiyatini ushbu ekologik tahdidning Markaziy Osiyoda istiqomat qilayotgan millionlab odamlarning turmush tarziga halokatli ta’sirini kamaytirishga, Orol dengizidagi tabiiy va biologik muvozanatni saqlashga o'z sa’y-harakatlarini qaratishga da’vat etmoqda.
Ta’kidlash joizki, qadimiy va betakror Samarqand keyingi yillarda qator dolzarb masalalar bo'yicha global muloqot markaziga aylandi. O'tgan yil davomida shaharda BMT mandatiga ega uchta forum bo'lib o'tdi. Butunjahon turizm tashkiloti Bosh Assambleyasining 25-sessiyasi, BMTning cho'llanishga qarshi kurash to'g'risidagi konvensiyasi ijrosini ko'rib chiqish qo'mitasining 21-sessiyasi va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yovvoyi hayvonlarning ko'chib yuruvchi turlarini saqlab qolishga doir konvensiyasi Tomonlar konferensiyasining 14-yig'ilishi tashkil etildi. Bundan tashqari, 2025-yilda Samarqand 1985-yildan beri birinchi marta UNESCO Bosh konferensiyasini o'z qarorgohi tashqarisida o'tkazadigan shaharga aylanadi. Xalqaro ekspertlarning fikricha, ushbu tadbir UNESCO tarixida sivilizatsiyalar va madaniyatlar o'rtasidagi rang-baranglik va muloqotning o'ziga xos ramzi bo'ladi.
O'zbekistonning Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan o'zaro hamkorligining barcha jihatlari va muvaffaqiyatli natijalarini bir maqolada jamlash qiyin. Aytish joizki, "O'zbekiston – 2030" strategiyasida mamlakatimiz o'z oldiga qo'ygan maqsad va vazifalar BMTning Mingyillik sammitida qabul qilingan Barqaror rivojlanish maqsadlariga hamohangdir. O'zbekistonning o'z maqsadlariga birgalikda erishishga sodiqligi mamlakatning davlatlar va xalqlar farovonligi yo'lida ko'p tomonlama hamkorlikda faol ishtirok etayotgani bilan tasdiqlanadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 2021-yilgi sessiyasida so'zlagan nutqida jahon hamjamiyatining e’tiborini hozirgi murakkab sharoitda Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning ixtisoslashgan muassasalarining roli va ahamiyati ortib borayotganiga qaratdi. "Jahon taqdiri bilan bog'liq ushbu muhim jarayonlarda aynan Birlashgan Millatlar Tashkiloti o'zining yetakchilik rolini yangi mazmun va sifat bilan davom ettirishi zarur", – dedi davlatimiz rahbari.
Shu nuqtayi nazardan, Bosh kotib Antoniu Guterrishning O'zbekistonga bo'lajak tashrifi va Toshkentdagi bo'lajak muzokaralari mamlakatimiz bilan BMT va uning ixtisoslashgan institutlari o'rtasidagi ko'p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish, aloqalarni yangi muhim g'oyalar bilan to'ldirish yo'lidagi muhim qadam bo'lib xizmat qiladi.