O‘zbekiston Prezidenti Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishini o‘tkazdi
O‘zbekiston Prezidenti Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishini o‘tkazdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida 12 yanvar kuni Xavfsizlik kengashining Qurolli Kuchlar va harbiy-ma’muriy sektorlarning 2023 yildagi faoliyati yakunlari va yaqin istiqbolga mo‘ljallangan vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Majlisda Xavfsizlik kengashi a’zolari, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibiga kiradigan vazirlik va idoralar rahbarlari, okruglar qo‘mondonlari, harbiy-ma’muriy sektorlar rahbarlari – Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari hamda jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilish avvalida davlatimiz rahbari mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini yanada mustahkamlash va Qurolli Kuchlarni rivojlantirish borasida 2023 yilda amalga oshirilgan ishlarning natijalarini tahlil qildi.
Vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlarining bu yo‘nalishdagi faoliyati tanqidiy ko‘rib chiqildi, mutasaddi rahbarlarning hisobotlari tinglandi.
Harbiy xizmatchilar va yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash tizimini takomillashtirish, milliy armiyamizni yanada rivojlantirish va mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini mustahkamlash, harbiy-ma’muriy sektorlar va mudofaa sanoati faoliyati samaradorligini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Globallashuv jarayonlari hamda odamlar, ayniqsa, yosh avlodning qalbi va ongi uchun kurash kuchayib borayotgan hozirgi o‘ta murakkab sharoitda harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tarbiyaning o‘rni va ahamiyati tobora ortib borayotgani alohida ta’kidlandi.
– Bugungi kunda har birimiz amalda Vatan himoyachisi bo‘lishimiz, yoshlarimizni ham shu ruhda kamol toptirishimiz zarur, – dedi Prezidentimiz.
Shu munosabat bilan davlatimiz rahbari yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash tizimini qayta ko‘rib chiqish yuzasidan tegishli mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi. Navqiron avlod vakillarining yurtimizdagi islohotlar jarayonidagi ishtirokini oshirish, ular o‘z intellektual va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun sharoitlar yaratish muhimligiga e’tibor qaratdi.
Hozirgi kunda Qurolli Kuchlarning zamonaviy infratuzilmasi negizida va monomarkazlarda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasidagi ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Davlatimiz rahbari bu yo‘nalishdagi tadbirlarni kengaytirib, yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘qitish va mehnat faoliyatini boshlashi uchun subsidiyalar orqali qo‘llab-quvvatlash zarurligini qayd etdi.
Shuningdek, yoshlarning fuqarolik pozitsiyasini mustahkamlash maqsadida media makonda olib borilayotgan harbiy-vatanparvarlik ruhidagi ishlarni kuchaytirish vazifasi qo‘yildi.
Majlisda mamlakatimiz mudofaa qudratini mustahkamlash, qo‘shinlarning harbiy tayyorgarligini oshirish hamda harbiy ilm-fanni rivojlantirish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Oliy Bosh Qo‘mondon jangovar tayyorgarlik tizimini innovatsion va ilmiy yondashuvlar asosida yanada takomillashtirish, axborot almashinuvi va qarorlar qabul qilish bo‘yicha zamonaviy harbiy va ilmiy ishlanmalarni amalga keng joriy etish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Yig‘ilishda axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlikni ta’minlash milliy xavfsizlik sohasidagi muhim vazifa bo‘lib qolishiga urg‘u berildi.
Bu borada Qurolli Kuchlar va huquqni muhofaza qilish organlarini raqamlashtirishni jadallashtirish, vazirlik va idoralarning barcha axborot resurslarini yagona xavfsiz axborot makoniga birlashtirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Milliy armiyamizda va xalqimiz o‘rtasida kiberxavfsizlik borasidagi ogohlikni va raqamli madaniyatni oshirish bo‘yicha tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yish yuzasidan eng muhim vazifalar belgilab olindi.
Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida mamlakatimiz mudofaa sanoati majmuasini yanada rivojlantirish, davlat chegaralarini qo‘riqlash tizimini takomillashtirish, jamoat xavfsizligini ta’minlash, favqulodda vaziyatlarni prognoz va monitoring qilish, avariya va texnogen halokatlarning oldini olish borasidagi ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha ham dolzarb vazifalar ko‘rsatib o‘tildi.
Prezidentimiz harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish davlat siyosatining muhim yo‘nalishi bo‘lib qolishini qayd etdi.
Yig‘ilish yakunida davlatimiz rahbari barcha harbiylarni, butun xalqimizni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 32 yilligi va Vatan himoyachilari kuni bilan samimiy tabriklab, ezgu tilaklarini bildirdi.