O‘zbekiston Prezidenti Xitoy Davlat kengashi Bosh vaziri bilan uchrashuv o‘tkazdi
O‘zbekiston Prezidenti Xitoy Davlat kengashi Bosh vaziri bilan uchrashuv o‘tkazdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasiga davlat tashrifini XXR Davlat kengashi Bosh vaziri Li Syan bilan uchrashuvdan boshladi.
Xalq yig‘inlari uyida o‘tgan uchrashuvda ko‘p qirrali amaliy hamkorlikni, eng avvalo, savdo-iqtisodiy sohada yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
XXR hukumati rahbari ikki mamlakat yetakchilarining siyosiy irodasi va birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli O‘zbekiston-Xitoy munosabatlari barcha soha va yo‘nalishlarda misli ko‘rilmagan darajaga ko‘tarilganini qayd etdi.
O‘tgan yilda tovar ayirboshlash 50 foizga oshib, rekord ko‘rsatkich – 14 milliard dollarga yetdi. Bu ko‘rsatkichni, shu jumladan yuqori sifatli sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berishni ko‘paytirish hisobiga 20 milliard dollarga yetkazish uchun salohiyat mavjudligi ta’kidlandi. Xitoydan O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritilgan investitsiyalarning umumiy hajmi 14 milliard dollardan oshdi.
Infratuzilmani modernizatsiya qilish, sanoat kooperatsiyasini, qishloq xo‘jaligida texnologiyalar transferini kengaytirish va “yashil” energetikani rivojlantirish bo‘yicha alohida hamkorlik dasturlarini tayyorlash masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, Xitoyning yetakchi bank-moliya institutlari bilan amaliy hamkorlikni chuqurlashtirish hamda Xitoy kompaniyalarining mamlakatimizdagi xususiylashtirish jarayonlarida ishtirok etishi istiqbollari ko‘rib chiqildi.
22 yanvar kuni Urumchi shahrida o‘tgan birinchi O‘zbekiston-Xitoy hududlar forumi va sanoat ko‘rgazmasi natijalari yuqori baholandi.
Xitoyda shu kunlarda ta’lim forumi va O‘zbekiston madaniyati kunlari muvaffaqiyatli o‘tkazilayotgani qayd etildi. Tomonlar aviaqatnovlar va sayyohlik almashinuvini yanada kengaytirish muhimligini ta’kidladilar.
Yakunda Prezidentimiz XXR Davlat kengashi Bosh vazirini tashrif bilan O‘zbekistonga kelishga taklif qildi.