Belarus Prezidenti rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi
Belarus Prezidenti rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko 7 fevral kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga keldi.
Toshkent xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov va boshqa rasmiylar kutib oldi.
Avval xabar berilganidek, tashrif dasturiga muvofiq oliy darajadagi muzokaralar o‘tkaziladi. Muzokaralarda ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirishning amaliy jihatlari ko‘rib chiqiladi.
O‘zaro tovar ayirboshlashni oshirish, qishloq xo‘jaligi, yengil va oziq-ovqat sanoati, farmatsevtika, kommunikatsiyalar va boshqa tarmoqlarda kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish masalalari diqqat markazida bo‘ladi. Professional ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, sport va turizm sohalarida sheriklikni rivojlantirish dasturlari ham muhokama qilinadi.
Muzokaralar yakunida ikki tomonlama hujjatlar to‘plamini qabul qilish ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, Aleksandr Lukashenko 2022 yil 15 sentyabrda amaliy tashrif bilan mamlakatimizga kelgan edi.