Xalqchil siyosatning joylardagi yorqin natijalari
Xalqchil siyosatning joylardagi yorqin natijalari
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga tashrif buyurdi.
Tashrif dasturida ko‘zda tutilgan manzillar va rejalar ko‘p. Birinchisi “Asaka tekstil” klasterining to‘qimachilik korxonasi bo‘ldi.
Bu ulkan majmua iqtisodiy kontrastning yorqin misoli. 2016 yilgacha bu yer tashlandiq joy edi. Davlatimiz rahbari tadbirkorlarga bergan ruh va madad natijasida bu yerda bosqichma-bosqich yangi binolar qurilib, 2022 yil avgustda ishga tushirildi. Bugungi kunda 83 million dollarlik loyiha evaziga xomashyodan tayyor mahsulotgacha bo‘lgan to‘liq «zanjir» tashkil etilgan.
Xususan, klaster tizimida Andijon viloyatining Ulug‘nor va Jalaquduq tumanlari hamda Xorazm viloyatining Yangibozor tumanida 11 ming 200 gektar maydonda paxta yetishtiriladi. Shundan 2 700 gektarda tomchilab sug‘orish yo‘lga qo‘yilgan.
Asakadagi korxonaga Shveysariya, Italiya, Turkiya, Germaniya, Yaponiyadan uskunalar keltirib o‘rnatilgan. U yiliga 11 ming tonna ip-kalava, 8 ming tonna momiq va trikotaj mato, 12 ming tonna ip va matoni bo‘yash, 6 ming tonna tayyor trikotaj va sochiq ishlab chiqarish quvvatiga ega. Bu yerda 3 ming 200 kishi ishlamoqda.
Korxonada xorijiy hamkorlar talabiga asosan sifat nazorati, kasb o‘rgatish markazi tashkil etilgan. Bo‘yoq sexidan chiqqan suvni tozalash inshooti ham ishga tushirilgan.
Umuman, klaster tomonidan 102 million dollarlik loyihalar amalga oshirilib, yillik 50 million dollarlik eksport quvvati yaratilgan. Bundan 7 yil oldingi holat bilan solishtirganda daromad, iqtisodiy manfaatdorlikdagi farq yer bilan osmoncha.
Kelgusi yillarda klaster tomonidan Ulug‘nor tumanida 70 ming tonna paxta tolasini qayta ishlash zavodi, tikuv-trikotaj va paypoq ishlab chiqarish korxonasi tashkil qilinishi rejalashtirilgan. Ularda yana 1 ming 600 dan ziyod ish o‘rni ochiladi.
Shu yerda Andijon viloyati misolida paxta-to‘qimachilik sanoatini rivojlantirish konsepsiyasi bo‘yicha axborot berildi. Qayd etilganidek, ishlab chiqarish tannarxi 15 foizga qisqartiriladi, 65 foiz qo‘shilgan qiymat yaratiladi. Dizayner va texnologlar maktabi tashkil etiladi. Nufuzli brendlar va riteylerlar jalb etilib, tarmoq korxonalari eksporti 800 million dollarga yetkaziladi.
Davlatimiz rahbari klaster bilan fermerlar o‘rtasidagi munosabatlarda manfaatdorlikni oshirish masalasiga alohida e’tibor qaratdi.
- Qishloq xo‘jaligida bozor munosabatlarini rivojlantirayapmiz. Maqsadimiz - yerga nisbatan e’tiborni, mahsulot yetishtiradiganlar manfaatini kuchaytirish. Sohaning quyi bo‘g‘inidagi dehqon va fermer ham raqobatbardosh bo‘lishi kerak, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident korxonada ishlayotgan tikuvchi ayollar bilan suhbatlashdi. Ularning ayrimlari o‘z tumanida yuqori maoshli ish paydo bo‘lgani uchun mehnat muxojirligidan qaytib kelgan.