O'zbekiston vakillari Kuvaytdagi musiqa bilim yurtlarida o'zbek milliy san'atidan saboq bermoqda
O'zbekiston vakillari Kuvaytdagi musiqa bilim yurtlarida o'zbek milliy san'atidan saboq bermoqda
AL-KUVAYT, 14 fevral. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz elchixonasida Kuvaytdagi musiqa bilim yurtlarida saboq berayotgan o'zbekistonlik san'at vakillari va professor-o'qituvchilar bilan uchrashuv bo'lib o'tdi, deb xabar qilayapti "Dunyo" AA muxbiri.
Muloqot chog'ida vatandoshlarimizning Kuvaytdagi tajribasi va ixtisosligidan kelib chiqqan holda ikki tomonlama madaniy aloqalarini rivojlantirish xususida fikr almashildi.
Qayd etilganidek, ikki davlat xalqlari o'rtasidagi do'stona rishtalarni yana-da mustahkamlashda madaniyat sohasidagi hamkorlik ko'lamining yana-da kengayishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Joriy yilning 11-fevral kuni Kuvayt madaniyat, san'at va adabiyot bo'yicha milliy kengashi zalida O'zbekiston davlat konservatoriyasi orkestri jamoasining konserti ko'tarinki ruhda bo'lib o'tgani ta'kidlandi.
Uchrashuv yakunida O'zbekiston musiqa bilim yurtlarida Kuvayt fuqarolarining tahsil olishini yo'lga qo'yish, ushbu davlatda o'zbek milliy musiqa maktabi va keyinchalik oliy ta'lim muassasasini ochish takliflarini ilgari surish to'g'risida kelishib olindi.