O'zbekistondan malakali shifokor va hamshiralarni Kuvaytga ishga jalb etish bo'yicha onlayn muzokaralar o'tkazildi
O'zbekistondan malakali shifokor va hamshiralarni Kuvaytga ishga jalb etish bo'yicha onlayn muzokaralar o'tkazildi
AL-KUVAYT, 17-fevral. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz elchixona ko'magida O'zbekiston Tashqi mehnat migratsiya agentligi rahbariyati va Kuvaytning «Neocare hospital» va «Kuwait organization for trainings» kompaniyalari ta'sischisi, «Adan Hospital» shifoxonasi jarrohlar bo'limi boshlig'i Muhammad al-Kandari o'rtasida onlayn uchrashuv tashkil etildi, deb xabar qilayapti "Dunyo" AA muxbiri.
Uchrashuvda Kuvayt tibbiyot muassasalaridagi bo'sh ish o'rinlariga O'zbekistondan mutaxassislarni jalb etish va qo'shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Kuvayt tomoniga O'zbekiston Tashqi mehnat migratsiya agentligi faoliyati, xorijiy mamlakatlar, xususan arab davlatlarida mavjud ish o'rinlariga o'zbekistonliklarni yuborish bo'yicha yo'lga qo'yilgan hamkorlik to'g'risida ma'lumot berildi.
Muhammad al-Kandari, o'z navbatida, mamlakatimiz shifokor va hamshiralarining salohiyatini yuqori baholadi. Uning aytishicha, ingliz tilini yaxshi bilgan o'zbekistonlik shifokorlar va hamshiralar uchun Kuvayt shifoxonalarida ishlash imkoniyati mavjud.
Onlayn muzokaralar yakunida tomonlar O'zbekiston shifokor va hamshiralarini Kuvaytdagi shifoxonalarda ishlash uchun yuborish to'g'risida bitim loyihasini ishlab chiqish va imzolashga kelishib oldilar