O'zbekistonning Kuvaytdagi elchixonasida "Q8 Press" elektron nashri bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
O'zbekistonning Kuvaytdagi elchixonasida "Q8 Press" elektron nashri bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
AL-KUVAYT, 18-fevral. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasida Kuvaytning ommabop "Q8 Press" elektron nashri muharriri, "al-Ray" gazetasi muxbiri Xolid al-Sharqaviy bilan uchrashuv o'tkazildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Kuvayt vakiliga O'zbekistonda so'z va axborot erkinligini ta'minlash, davlat va xususiy ommaviy axborot vositalarini qo'llab-quvvatlash bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil aytib o'tildi. Xususan, jurnalistika sohasida kadrlar tayyorlash jarayonini amaliyot bilan integratsiya qilish, kadrlar malakasini oshirish va OAV xodimlarining xorijiy tillarni o'rganishini rag'batlantirish bo'yicha chora-tadbirlar ta'kidlandi.
Jurnalist Xolid al-Sharqaviy so'nggi yillarda O'zbekistonda barcha sohalarda kechayotgan natijador islohotlarni yuqori baholadi. Shuningdek, u mamlakatimiz hayotiga bag'ishlangan muhim yangiliklar hamda yurtimizning savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, turistik va madaniy-tarixiy salohiyati to'g'risidagi maqolalarni kuvaytliklar e'tiboriga taqdim etish bo'yicha ishlarni kengaytirishga tayyorligini bildirdi.
"Q8 Press" elektron nashri muharririning aytishicha, kuvaytliklar O'zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy jabhalaridagi o'zgarishlar, mamlakatning sayyohlik salohiyati, xususan milliy o'zbek urf-odatlari va taomlariga bag'ishlagan maqolalarni sevib mutolaa qiladilar.
Do'stona va amaliy ruhda kechgan uchrashuv yakunida tomonlar Kuvayt ommaviy axborot vositalarida O'zbekiston hayotida kuzatilayotgan muhim o'zgarishlarga bag'ishlangan maqolalarni e'lon qilish bo'yicha hamkorlik rejalarini kelishib oldilar.