O'zbekiston va Kuvayt qishloq xo'jaligi sohasida hamkorlikni yo'lga qo'yish masalalarini muhokama qilmoqda
O'zbekiston va Kuvayt qishloq xo'jaligi sohasida hamkorlikni yo'lga qo'yish masalalarini muhokama qilmoqda
AL-KUVAYT, 19-fevral. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasida "AlMawashi" kompaniyasi raisi o'rinbosari, savdo sektori rahbari Mo'taz Yasin bilan uchrashuv o'tkazildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Uchrashuv avvalida Mo'taz Yasinga o'zbek mahsulotlarining eksporti uchun taqdim etilayotgan imtiyozlar, xorijiy importyorlar uchun yaratilgan qulayliklar haqida batafsil ma'lumot berildi.
Mo'taz Yasinning so'zlariga ko'ra, "AlMawashi" kompaniyasi 1973-yilda tashkil etilgan bo'lib, 70% davlat ulushiga hamda 30% xususiy sektor hissasiga to'g'ri keladi. Kompaniyaning Kuvaytda 20 million kvadrat metrlik fermer xo'jaligi va 35 ta sotuv do'konlari mavjud. U yerga 2 ta katta kemada Avstraliya va Janubiy Afrikadan oyiga 55 ming qoramol va qo'y olib kelinadi.
Uchrashuv yakunida O'zbekiston Qishloq xo'jaligi vazirligi hamda "AlMawashi" kompaniyasi vakillari o'rtasida Kuvayt tomonini qiziqtirgan mahsulotlarni import qilish masalalarini amaliy muhokama qilish uchun onlayn muzokaralar tashkil etishga kelishib olindi.
Bundan tashqari, Mo'taz Yasin yaqin orada O'zbekistonga tashrif buyurib, mamlakatimizdagi fermer xo'jaliklari vakillari bilan muzokaralar olib borish, shuningdek, o'zbek asal mahsulotlarini olib kelishni rejalashtirayotganini ma'lum qildi.