Kuvayt kompaniyasi vakillari bilan O'zbekistonda chorvachilik sohasida sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi
Kuvayt kompaniyasi vakillari bilan O'zbekistonda chorvachilik sohasida sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi
AL-KUVAYT, 20-fevral. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz diplomatlari ko'magida O'zbekiston qishloq xo'jaligi vaziri o'rinbosari Bunyod Oxunov va Kuvaytning "AlMawashi" kompaniyasi raisi o'rinbosari, savdo sektori rahbari Mo'taz Yasin o'rtasida onlayn muzokaralar tashkil etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Unda O'zbekistondan chorva mollarini Kuvaytga eksportini yo'lga qo'yish hamda mazkur yo'nalishdagi loyihalarga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish masalalari ko'rib chiqildi.
O'zbekiston qishloq xo'jaligi vaziri o'rinbosari yurtimizda agrar sohani, xususan chorvachilikni rivojlantirish bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar, yo'lga qo'yilgan loyihalar va rejalashtirilgan dasturlar haqida batafsil aytib o'tdi. Shuningdek, O'zbekiston yetishtirilgan chorva mollari va tayyor go'sht mahsulotlari eksport salohiyati alohida ta'kidlandi.
O'z navbatida, Mo'taz Yasin o'zbek tomonini "AlMawashi" kompaniyasi faoliyati bilan tanishtirdi. Uning aytishicha, kompaniyaning Kuvaytda 20 million kv.m. maydonni egallagan ferma xo'jaligi va 35 ta sotuv do'konlari mavjud. Kompaniya yirik va mayda shoxli chorva hayvonlarini asosan Avstraliya va Janubiy Afrikadan sotib oldi.
Onlayn muzokaralar yakunida o'zaro aloqalarni yo'lga qo'yish maqsadida 21-24-fevral kunlari Kuvayt kompaniyasi vakillarining O'zbekistonga ishchi safarini uyushtirishga kelishib olindi.