Kuvaytdagi xalqaro xayriya tashkiloti O'zbekistondagi ijtimoiy loyihalarda ishtirok etishga qiziqish bildirmoqda
Kuvaytdagi xalqaro xayriya tashkiloti O'zbekistondagi ijtimoiy loyihalarda ishtirok etishga qiziqish bildirmoqda
AL-KUVAYT, 2 mart. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Ayubxon Yunusov Kuvaytdagi IICO xalqaro xayriya tashkilotining dasturlar bo'yicha koordinatori Hanan Burahma va IICO huzuridagi "Dinarayn" tashabbusi rahbari Yamiya Shafi' bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Suhbat chog'ida O'zbekistonning chekka hududlarida ta'lim, sog'liqni saqlash va qishloq xo'jaligi yo'nalishlarida amalga oshirilayotgan ijtimoiy loyihalarga grant mablag'larini jalb etish masalalari muhokama qilindi.
IICO vakillari moliyaviy imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda O'zbekistonda ijtimoiy loyihalarni hayotga tatbiq etish imkoniyatlarini ko'rib chiqishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.
Muloqot yakunida yurtimizdagi ijtimoiy loyihalar bilan tanishish va ularni amalga oshirish yo'llarini muhokama qilish maqsadida IICO delegatsiyasining O'zbekistonga amaliy safarini tashkil etish to'g'risida kelishib olindi.