Al-Kuvayt shahrida O'zbekistonning turistik salohiyatiga bag'ishlangan taqdimot o'tkazildi
Al-Kuvayt shahrida O'zbekistonning turistik salohiyatiga bag'ishlangan taqdimot o'tkazildi
AL-KUVAYT, 10-mart. /"Dunyo" AA/. Kuvaytlik tadbirkorlar, investorlar va sayyohlar ishtirok etgan marosimda O'zbekistonning turistik salohiyatiga doir taqdimot o'tkazildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Tadbir ishtirokchilariga O'zbekistonda xalqaro turizmni rivojlantirish uchun yaratilgan ulkan imkoniyatlar to'g'risida batafsil ma'lumot berildi. Jumladan, mamlakatimiz hududida 7 mingdan ortiq tarixiy obidalar mavjud bo'lib, ularning aksariyati YUNESKOning Butunjahon merosi ro'yxatiga kiritilgani aytib o'tildi.
Samarqand, Xiva, Buxoro va Toshkent kabi tarixiy shaharlar, mamlakatimiz tabiatining go'zalligi va rang-barangligi, O'zbekiston xalqining ko'p asrlik hunarmandchilik an'analari, urf-odatlari va bayramlari har yili ko'plab sayyohlarni jalb qilayotgani alohida ta'kidlandi.
Shuningdek, turizm infratuzilmasini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, uning barcha turlarini (gastronomik turizm, ekologik turizm, qishki turizm) rivojlantirish uchun mavjud imkoniyatlar hamda O'zbekiston tog'li hududlaridagi turistik inshootlar haqida ma'lumot berildi.
Shu o'rinda, 2021-yil 1-martdan boshlab Kuvayt fuqarolari uchun O'zbekistonga kirish bo'yicha 10 kunlik vizasiz tartib joriy etilgani, hozirgi kunda "Jazeera" aviakompaniyasining Toshkent, Samarqand, Namangan va Farg'ona shaharlariga reyslari yo'lga qo'yilgani tadbir ishtirokchilariga yetkazildi.
O'z navbatida, ishtirokchilar safida O'zbekistonga bir necha bor borgan kuvaytlik sayyohlar mamlakatimiz to'g'risida iliq so'zlarni izhor etdi. Jumladan, mamlakatimizda tinchlik hukm surayotgani, har bir turist bemalol O'zbekistonning tarixiy shaharlarini va sayyohlik hududlarini ziyorat qilishi hamda o'zbek milliy taomlaridan bahramand bo'lishi mumkinligi ta'kidlandi.