Kuvaytda O'zbekistonning iqtisodiy, sarmoyaviy va sayyohlik salohiyatiga bag'ishlangan taqdimotlar o'tkazildiKuvaytda O'zbekistonning iqtisodiy, sarmoyaviy va sayyohlik salohiyatiga bag'ishlangan taqdimotlar o'tkazildi
Kuvaytda O'zbekistonning iqtisodiy, sarmoyaviy va sayyohlik salohiyatiga bag'ishlangan taqdimotlar o'tkazildi
AL-KUVAYT, 21-mart. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz elchixonasi tomonidan kuvaytlik ishbilarmon doira vakillari uchun O'zbekistonning sarmoyaviy, eksport va sayyohlik salohiyatiga bag'ishlangan taqdimotlar o'tkazildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Taqdimotlar doirasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar, iqtisodiyotni liberallashtirish va tashqi savdoni rivojlantirish, xorijiy investorlar uchun yaratilgan biznes imkoniyatlari haqida ma'lumotlar berildi.
Tadbir ishtirokchilariga shu yilning 2-3-may kunlari III Toshkent xalqaro investitsiya forumi bo'lib o'tishi ma'lum qilindi.
Kuvaytlik ishbilarmon doira vakillari Toshkent xalqaro investitsiya forumi ko'lami va geografiyasi yildan-yilga kengayib borayotganini ta'kidladilar. Bu, o'z navbatida, har bir forum ishtirokchisiga hamkorlar bilan umumiy manfaatlarni topish, aniq sarmoyaviy loyihalarni o'rganish, o'nlab yo'nalishlardagi so'nggi tendensiyalarni muhokama qilish uchun qulay imkoniyat yaratadi.
Ularning fikricha, bunday tadbirlarning muntazam o'tkazilishi xalqaro maydonda kuchli o'sish sur'atlarini ko'rsatayotgan va bosqichma-bosqich Markaziy Osiyoning haqiqiy sarmoyaviy markaziga aylanib borayotgan O'zbekistonning savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy salohiyatini namoyon etish uchun mustahkam zamin yaratmoqda.
Kuvaytlik ishbilarmonlar O'zbekistonning o'ziga xos ta'mi va sifati yuqori bo'lgan meva-sabzavot va quritilgan mevalarni import qilishga qiziqish bildirdi. Shuningdek, ular O'zbekistonning chekka tumanlari va qishloqlarida ham amalga oshirilishi rejalashtirilgan tibbiyot va ta'lim sohasidagi loyihalarda ishtirok etishdan manfaatdor ekanligini bildirishdi.
O'zbekistonning sayyohlik salohiyatiga oid taqdimotlar ham ishtirokchilarida katta qiziqish uyg'otdi.