O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi
Assalomu alaykum, aziz va muhtaram vatandoshlar!
Uzoq-yaqindan tashrif buyurgan hurmatli mehmonlar!
Siz, qadrdonlarimni, ko‘pmillatli butun O‘zbekiston xalqini barchamiz sog‘inib kutgan Navro‘zi olam bilan samimiy muborakbod etishdan baxtiyorman.
Bugun fasllar almashib, yer-u ko‘kda ilohiy mo‘jizalar yuz bermoqda. Yangi kun, yangi mavsum, yangi hayot nafasi boshlanmoqda. Tabiat uyg‘onishi bilan zimiston kechalardan zerikkan ko‘ngillar yasharib-yayramoqda.
Albatta, bugungi shodiyona bayramni el-yurtimiz bilan muazzam “Yangi O‘zbekiston bog‘i”da o‘tkazishni niyat qilgan edik. Lekin hammamiz ko‘rib turibmiz – so‘nggi kunlarda havo sovib, harorat biroz pasayib qoldi. Bugun obi rahmat yomg‘irlari bilan osmondan rizq-u ro‘z, qut-baraka yog‘moqda. Hammamiz bu holatni shukronalik bilan qabul qilamiz.
Mana shu muhtasham saroyda turib, barcha-barchangizga eng ezgu va samimiy tilaklarimni izhor etishga ijozat bergaysiz.
Xush kelibsan yurtimizga, go‘zal Navro‘z!
Olam sen bilan nurga to‘lsin!
Sharqona Yangi yil hammamizga muborak bo‘lsin!
Qadrli do‘stlar!
Mana shu quvonchli kunlarda ona zaminimiz, jonajon O‘zbekistonimiz bamisoli ulkan va muhtasham bir sayilgohga aylanmoqda. Farg‘ona vodiysi-yu Surxon va Qashqadaryo tog‘larida, Xorazm va Qoraqalpoq diyorida, Samarqand-u Buxoro, Navoiyning go‘zal bog‘larida, Jizzax-u Sirdaryo kengliklarida, Toshkent vohasining yam-yashil adirlarida, azim poytaxtimiz maydonlarida el-yurtimiz sayil-tomoshalar o‘tkazib, Navro‘zni shod-u xurramlik bilan kutib olmoqda.
Navro‘zi olam falsafasi bizning orzu-intilishlarimiz, amaliy ishlarimiz bilan uzviy bog‘lanib ketganini bugun har qadamda yaqqol ko‘rish mumkin. “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” degan ezgu g‘oya atrofida birlashgan xalqimizning oliyjanob mehnati bilan mamlakatimizda yangi-yangi zamonaviy korxonalar, shinam uy-joylar, ijtimoiy va madaniy obyektlar, yo‘l va ko‘priklar, bog‘ va xiyobonlar barpo etilmoqda. Yurtimiz qiyofasi kundan kunga obod va go‘zal bo‘lib bormoqda.
Inson qadrini ulug‘lash, uning hayotiy manfaatlari va ijtimoiy himoyasini ta’minlash, ehtiyojmand aholi qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, millati, tili va dinidan qat’i nazar, har bir yurtdoshimizga mehr va e’tibor ko‘rsatish faoliyatimiz mezoniga aylanmoqda.
Mamlakatimizdagi do‘stlik va hamjihatlik muhiti, yaxshi qo‘shnichilik, tinchliksevar tashqi siyosat tufayli xalqaro maydonda O‘zbekistonimizning obro‘-e’tibori yuksalmoqda.
Navro‘zi olamning insonparvarlik, tinchlik va bag‘rikenglik kabi qadriyatlariga uyg‘un va hamohang bunday ishlarimizni biz kelgusida yanada kengaytiramiz.
Muhtaram yurtdoshlar!
Navro‘zi olam bizni butun borliqni, avvalambor, yer va suv, hayvonot va o‘simlik dunyosini, sof havoni asrab-avaylab, ona tabiatga mehribon farzand bo‘lib yashashga da’vat etadi.
Ana shunday ezgu chorlovga javoban bugungi kunda yurtimizda ulkan ishlar amalga oshirilmoqda, Navro‘z hasharlari o‘tkazilmoqda. Jumladan, “Yashil makon” loyihasi doirasida millionlab mevali va manzarali ko‘chatlar ekilmoqda, yangi bog‘-u rog‘lar barpo etilmoqda.
Qadimiy qo‘shiqlarimizda Navro‘z xazinalar ochiladigan baraka ayyomi, deb tarannum etiladi.
Mana, bugun mirishkor dehqon va fermerlarimiz, bog‘bon va chorvadorlarimiz yangi mehnat mavsumini boshlamoqda.
Ilohim, bobodehqonlarimizning omadini, baxtini bersin!
Daryolarimiz suvga to‘lib, hosilimiz mo‘l bo‘lsin!
Aziz do‘stlar!
Yoshlik – inson umrining bahori, uning Navro‘z bayramidir. Yoshlik – odamzod kamolot osmonida yulduzdek charaqlaydigan bebaho davrdir.
Yangi O‘zbekiston farzandlari – yuzlab, minglab o‘g‘il-qizlarimiz turli sohalardagi yutuqlari bilan bu fikrni amalda isbotlamoqdalar. Ularning kuch-g‘ayrati, ezgu harakatlariga qanot berish maqsadida biz joriy yilni mamlakatimizda “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” deb e’lon qildik.
Chunki doimo izlanish, tashabbus va yangilikka, o‘zligini namoyon etishga intilish yoshlik va tadbirkorlikka xos fazilatlar hisoblanadi.
Bu haqda gapirganda, bir fikrga alohida urg‘u berishni istardim. Tadbirkorlik, ishbilarmonlik azal-azaldan xalqimizning qonida, ong-u tafakkurida yashab kelmoqda. El-yurtimiz qadim zamonlardayoq qo‘li gul usta va hunarmandlari, mirishkor dehqonlari, yetti iqlimni kezgan savdogarlari, noyob mahsulotlari va noz-ne’matlari bilan butun dunyoga dong taratgan.
Bugungi kunda O‘zbekistonda yangi tadbirkorlar avlodi ana shu an’anani munosib davom ettirib, dadil maydonga chiqmoqda. Eng muhimi, biznes sohasi nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy hayotimizda ham hal qiluvchi kuchga aylanmoqda.
Biz ishbilarmonlik muhiti rivoji uchun yanada keng imkoniyatlar yaratib beramiz. Joriy yilda qabul qilingan davlat dasturidagi maqsadlarga 36,5 trillion so‘m va 460 million dollar mablag‘ yo‘naltirish belgilangani ham bu fikrni tasdiqlaydi.
Oilaviy tadbirkorlik va o‘zini o‘zi band qilish dasturlari doirasida 50 mingdan ziyod yurtdoshlarimizga Biznesni rivojlantirish banki orqali zarur moliyaviy va moddiy yordam ko‘rsatiladi. Jumladan, ularga garov talabisiz 100 million so‘mlik imtiyozli kreditlar ajratiladi. Bundan tashqari, o‘rta biznes vakillariga 1,5 milliard so‘mgacha bo‘lgan imtiyozli kreditlar 7-yil muddatga beriladi. Umuman, joriy yilda barcha turdagi tadbirkorlik dasturlari doirasida 2 millionga yaqin aholiga moliyaviy ko‘mak ko‘rsatiladi.
Muxtasar aytganda, Yangi O‘zbekistonni tadbirkorlik va biznes uchun eng qulay va jozibador mamlakatlardan biriga aylantirish yo‘lida yangi amaliy qadam qo‘yamiz.
Bugungi kunda yurtimiz yoshlari xalqaro fan olimpiadalarida, madaniyat va san’at, IT va sport yo‘nalishlaridagi nufuzli tanlov va festivallarda faol ishtirok etib, g‘olib va sovrindor bo‘lib kelayotganlari barchamizni quvontiradi.
Birgina misol. Navqiron sportchilarimiz o‘tgan yili Osiyo o‘yinlarida 22 ta oltin, 18 ta kumush, 31 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, O‘zbekistonning ushbu musobaqalardagi rekordini yangiladilar.
Xabaringiz bor, yaqinda mashhur shaxmat grossmeysteri – Nodirbek Abdusattorov Praga xalqaro turnirida muddatidan oldin g‘alaba qozonib, jahondagi eng kuchli to‘rtta shaxmatchining biriga aylandi.
Kelinglar, shu ulug‘ ayyom kunda barchamiz astoydil niyat qilaylik: Nodirbekka tez kunlarda Vatanimizga jahon shaxmat tojini olib kelish nasib etsin! Sen bunga albatta qodirsan, Nodirbek o‘g‘lim! Butun el-yurtimiz sendan shu buyuk g‘alabani kutmoqda.
Eng quvonarlisi, bunday yuksak marralarni zabt etishda qizlarimiz ham o‘g‘lonlarimizdan qolishmayapti. Xususan, iste’dodli qizimiz Zaynab Dayibekova qilichbozlik bo‘yicha Peruda bo‘lib o‘tgan jahon kubogi o‘yinlarida O‘zbekiston sporti tarixida birinchi marta bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Yana bir mahoratli qizimiz Shahina Yigitaliyeva esa Paraosiyo o‘yinlarida nayza otish bo‘yicha oltin medalga sazovor bo‘lib, mazkur musobaqalar rekordini yangiladi.
Aziz sportchi farzandlarim, sizlarni oldinda g‘oyat muhim va ulkan sinov – Parij Olimpiadasi va Paralimpiya o‘yinlari kutmoqda. Jahonning eng zo‘r sportchilari bellashadigan ana shu musobaqalarda O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘tarib, yurtimizga qo‘sha-qo‘sha medallar, yutuq va sovrinlar olib kelasiz, deb ishonaman.
Barchangizga g‘alaba yor bo‘lsin!
Hurmatli bayram ishtirokchilari!
Navro‘zning o‘lmas ruhi ayniqsa mahallalarimiz hayotida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Barchangiz guvohsiz, keyingi ikki-uch oyda bu sohada qanday katta o‘zgarishlar yuz berdi! Mahallani qo‘llab-quvvatlash kengashlari, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi va uning hududiy tuzilmalari tashkil etildi. Hamma soha va yo‘nalishlar bo‘yicha “mahalla yettiligi” tizimi samarali faoliyat olib bormoqda.
Albatta, bu tizimni tashkil etganimiz, shu boradagi tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligi va daromadini oshirish, kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan dasturlarimiz zamirida katta hayotiy ma’no bor.
Ana shu ishlarimizni kuchaytirish maqsadida Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida yangi tajriba joriy etilmoqda.
Bu borada ayniqsa tomorqa yerlaridan unumli foydalanish, tomorqa egalarini zarur vosita va resurslar bilan ta’minlash, ular yetishtirgan mahsulotga bozor topib berish uchun ko‘maklashish, har qaysi oila va mahallada kichik-kichik ishlab chiqarishlarni yo‘lga qo‘yish, servis va xizmat turlarini ko‘paytirish asosiy maqsadimizga aylanmoqda.
O‘zingiz tasavvur qiling, hozirgi vaqtda mamlakatimiz bo‘yicha besh yarim millionta xonadonda 510 ming gektar – e’tibor bering – 510 ming gektar tomorqa yerlari bor. Bu – hali to‘la ishga solinmagan ulkan imkoniyat, katta boylikdir.
Barchamizga ayonki, O‘zbekiston sharoitida ana shunday imkoniyatlardan foydalanib, astoydil mehnat qilgan odam hech qachon kam bo‘lmaydi.
Mana, so‘nggi ikki yilda O‘zbekistonda kambag‘allik darajasini 17 foizdan 11 foizga tushirishga erishdik. Albatta, bu natijalar o‘z-o‘zidan bo‘layotgani yo‘q. Shu davrda 900 mingga yaqin aholiga qariyb 20 trillion so‘m imtiyozli kredit, 200 mingdan ziyod fuqarolarga 1,5 trillion so‘m subsidiya, qariyb 700 ming oilaga esa dehqonchilik uchun 200 ming gektar yer ajratib berilgani bu borada muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
Eng asosiysi, tadbirkorlik, jumladan, tomorqadagi mehnat, odamni, ayniqsa, yoshlarni jismoniy va ma’naviy tarbiyalaydi, ularni o‘z kuchi va imkoniyatiga ishonib yashashga o‘rgatadi.
Ta’kidlab aytmoqchiman: davlatimiz bunday faol insonlarni doimo qo‘llab-quvvatlaydi.
Masalan, xonadonlardagi tomorqada yetishtiriladigan mahsulotlarni sotib oluvchi, qayta ishlovchi, shu mahsulotlarni eksport qiluvchi tadbirkorlarga 300 million so‘mdan 1 milliard so‘mgacha grant beriladi. Bundan tashqari, bo‘sh yerlarda sanoatbop daraxtlar o‘stirish, chorvachilik, baliqchilik, parrandachilik, asalarichilik uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratiladi.
Bu chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun mamlakatimiz iqtisodiyot kompleksining barcha rahbar va xodimlari mahalla darajasiga tushib, ishni tashkil etishga mas’ul va javobgar bo‘ladi.
Ro‘zai ramazon kunlarida yaxshi niyat bilan Sayxunobodda boshlangan tajriba butun yurtimiz bo‘ylab keng tarqaladi, deb ishonaman.
Albatta, bu oson ish emas. Lekin, qanchalik qiyin bo‘lmasin, o‘z kasbining ustasi va fidoyisi bo‘lgan xalqimiz, tog‘ni ursa talqon qiladigan azamat yoshlarimiz bilan barchamiz birgalikda bu vazifani amalga oshirishga qodirmiz.
Tabiiyki, bu borada fuqarolik jamiyatining noyob namunasi bo‘lgan mahalla yetakchi o‘rin tutadi.
Shu bois mahallani qo‘llab-quvvatlash, uni yanada rivojlantirish doimo e’tiborimiz markazida bo‘ladi. Chunki, mahalla – bu mehr va ahillik qo‘rg‘onidir. Mahalla – oqko‘ngil, bunyodkor xalqimiz qalbining ko‘zgusidir.
Fursatdan foydalanib, 22-mart kuni mamlakatimizda nishonlanadigan Mahalla tizimi xodimlari kuni bilan barcha yurtdoshlarimizni, jonkuyar va fidoyi mahalla faollarini chin yurakdan tabriklab, ularning ishlariga muvaffaqiyat tilaymiz.
Qadrli do‘stlar!
Dunyodagi vaziyat tobora murakkab va tahlikali tus olayotgan hozirgi kunda Navro‘z Yer yuzida turli xalqlar va millatlar o‘rtasida tinchlik va hamkorlikni mustahkamlashdek ezgu maqsadga xizmat qilmoqda.
Bugungi davramizda O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan diplomatik korpus namoyandalarini ko‘rib turganimdan g‘oyat mamnunman. Fursatdan foydalanib, xorijiy davlatlarning muhtaram elchilarini, xalqaro tashkilotlar vakillarini samimiy qutlab, ularning mamlakatlari va xalqlarini 21-mart – Xalqaro Navro‘z kuni bilan muborakbod etib, barchalariga qizg‘in salom va tabriklarimizni yo‘llaymiz.
Bu yilgi Navro‘z bayrami fazilatli Ramazon oyida bo‘lib o‘tayotgani uning fayz-u tarovatini yanada ziyoda qilmoqda.
Ushbu muborak ayyomda mamlakatimiz mo‘min-musulmonlarini, butun islom ummatini yana bir bor qutlab, ularning chin dildan qilayotgan duolari ijobat bo‘lishini Parvardigori olamdan so‘raymiz.
Aziz va muhtaram vatandoshlarim!
Mana shu bahoriy lahzalarda barchamiz ulug‘ ajdodlarimizning tilaklariga qo‘shilib, ilohim, har kunimiz Navro‘zdek go‘zal, Navro‘zdek fayzli va mazmunli bo‘lsin, deb niyat qilamiz.
Barchangizga sihat-salomatlik, yangi yutuq va zafarlar, oilaviy baxt va farovonlik tilayman.
Yurtimiz tinch, xalqimiz omon bo‘lsin!
Navro‘zi olam barchamizga muborak bo‘lsin!