O‘zbek xalqining faxri
Ulug‘ davlat arbobi, matematik va astronom Mirzo Ulug‘bekning 630 yilligi munosabati bilan mulohazalar
O‘zbek xalqi tarixi sahifalarini varaqlasangiz buyuk shaxslar ko‘p bo‘lganini yaqqolroq his etasiz. Xususan, To‘xtamishxon, O‘zbekxon, Amir Temur, Abulxayrxon, Muhammad Shayboniyxon, Bobur, Jaloliddin Manguberdi, Abdullaxon II, Ubaydullaxon va boshqalar xususida faxr va iftixor bilan so‘zlash mumkin.
O‘tmishda yashaganlar orasida yana bir ulug‘ shaxs borki, u haqda alohida to‘xtalish joizdir. Mirzo Ulug‘bek – Amir Temurning suyukli nabirasi, yurtimiz tarixida katta iz qoldirgan buyuk insonlardan biridir.
Bu yil Mirzo Ulug‘bek tavallud topganiga 630 yil bo‘ldi. Shu qutlug‘ sana munosabati bilan ulug‘ ajdodimizning hayot va ijod yo‘li, ulkan zafarlari va fojialari haqida mulohaza yuritmoqni ma’qul ko‘rdik. Arminiy Vamberining “Buxoro yoxud Movarounnahr tarixi” kitobida qayd etilishicha, Ulug‘bek yolg‘iz ilmi hay’at bilan riyoziyotga (matematika va astronomiya) emas, balki boshqa fan va ilmlarga ham berildi. Shoirlar, olimlar mamlakatning har tarafidan kela boshladilar. Ayrim olimlar yoxud rassomlarni o‘ziga jalb etmoq uchun ota-bola orasida, hatto ba’zan raqobat paydo bo‘lardi. Ulug‘bekning hukumati zamonasini ulug‘ Somoniylar davri bilan bir darajada qiyoslash mumkin. Faqat afsuski, bu ahvol yolg‘iz Shohrux Mirzoning vafotiga qadar davom etdi. 850 (1447) sanada u vafot qilgandan keyin O‘rta Osiyoning xiyla muddat ochiq va sof osmonini quyuq va qora bulutlar o‘rab oldi. Tinchlik tufayli yaralgan sulh va saodatning noyob samaralari o‘zaro qonli urushlar tufayli barbod bo‘ldi. Ulug‘bek to‘ng‘ich o‘g‘illigi uchun otasi Shohruxning butun mulkiga o‘zini voris hisoblab, Xurosonga borish uchun yo‘lga chiqqan edi.
Lekin yo‘lda jiyani Boysunqur mirzoning o‘g‘li Alauddavla Hirotni zabt etib, o‘g‘li Abdulatifni asir olgani haqidagi xabarni eshitdi. Marhamatli Ulug‘bek farzandining hayot-mamotini o‘z qo‘lida tutgan dushman bilan urishishni xohlamadi. Abdulatifni ozod qilish, uning askarlarini va xazinalarini olish-berish sharti bilan sulh tuzishga ko‘ndi. Alauddavla shartning birinchi qismini bajarsa-da, askarlarning ko‘pchiligini qatl ettirdi va xazinani qaytarish haqida gaplashishni istamadi. Shu bois, Ulug‘bek urush ochishga majbur bo‘ldi. Har ikki taraf juda kuchli sur’atda jangga tayyorlandilar. Alauddavla Shohrux ellik yil mobaynida to‘plagan xazinaning katta bir qismini o‘rtaga qo‘ydi va askar to‘pladi. Ulug‘bek masalani urushsiz hal etishga har qancha intilsa-da, biror natijaga erishmadi. Hirotdan to‘rt mil naridagi yerda, Tarnob degan joyda urush bo‘ldi. Ulug‘bek tantana bilan g‘alaba qozondi.
Mirzo Ulug‘bek 1394 yilda Ozarbayjonning Sultoniya shahrida tug‘ilgan. Unga yaxshi niyatlar bilan Muhammad Tarag‘ay deya ism qo‘yishadi. Otasi Shohrux Mirzo Sohibqironning to‘rtinchi o‘g‘li.
Bobosi Amir Temur nabirasiga yoshligidanoq katta ishonch bildiradi. Uni turmush o‘rtog‘i Bibixonim tarbiyasiga beradi. Va natijada har jihatdan bilimli, yuksak salohiyatli, botir va g‘ayratli inson bo‘lib yetishgan. U arab va fors tillarini mukammal o‘zlashtirdi. Bolaligidanoq matematika hamda astronomiyaga katta qiziqish bilan qaradi. Adabiyot va san’atni sevdi. Hatto she’riy asarlar ham yaratganligi bejiz emas.
Qiziq tomoni shundaki, munajjimlar Mirzo Ulug‘bek kelajakda yirik hukmdor va katta olim bo‘lishini bashorat qiladilar. Keyinchalik ularning bashorati bejiz emasligi oydinlashdi. Ulug‘bek dunyoga dong‘i ketgan olim va tadbirli, aqlli hukmdor sifatida mashhur bo‘lib ketdi.
Hatto endigina o‘n yetti yoshga qadam qo‘ygan yigit butun Movarounnahr va Turkistonning hukmdori bo‘lgani ham uning qanchalik kamolotga yetgan, iqtidorli va har jihatdan munosib shaxs ekanidan dalolat beradi.
Mirzo Ulug‘bek ulug‘ hukmdor sifatida Samarqand shahrini obod qilish yo‘lida g‘ayratu shijoat ko‘rsatdi. Bu yerda bir nechta madrasa va boshqa imoratlar qurdi. Ilm-fan kishilari, shoir, adiblarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatdi.Qozizoda Rumiy, Jamshid Koshiy, Ali Qushchi singari ziyolilar, olimlar va boshqa o‘nlab bilimli va salohiyatli kishilarni e’zozladi.
1447 yilda otasi Shohrux Mirzo olamdan o‘tganligi buyuk olim va davlat arbobi hayotini butunlay o‘zgartirib yubordi. Amir Temur avlodlari o‘rtasida toju taxt uchun shiddatli janglar, ayovsiz kurash avjiga chiqdi.
Mirzo Ulug‘bekning to‘ng‘ich o‘g‘li Abdulatif negadir otasiga vafo qilmadi.Isyon ko‘tardi.Otasiga qarshi yurish qilishdan ham toymadi.Uzoqni ko‘ra bilgan va nihoyatda aqlli Mirzo Ulug‘bek o‘g‘liga taslim bo‘ldi.
Ulug‘ olim va astronom kelajak avlodlarga ko‘plab ilmiy asarlar qoldirdi. Ayniqsa “To‘rt ulus tarixi” kitobi mashhur bo‘lib ketdi. Bu ilmiy asarni maroq bilan o‘qiganman, undan ma’naviy oziq olgandim.
Mirzo Ulug‘bekning boshqa asarlari ham XV asr ilm-fan taraqqiyotiga qo‘shilgan munosib hissa bo‘ldi. “Bir daraja sinusini aniqlash haqida risola”, “Ziji Ulug‘bek”, “Risolai Ulug‘bek” singari nodir kitoblari hamon olimlaru bilimga chanqoq insonlarni hayratda qoldirmoqda. Taniqli shoir va tarixiy asarlar muallifi Xurshid Davronning ta’kidlashicha, Sohibqiron Amir Temur ko‘ragonning nabirasi Mirzo Ulug‘bek yosh bolalikdan boshlab zakovat va farosat sohibi bo‘lib, ko‘p bilimlarni egallab, ustozlarini benihoya hurmat qiluvchi, ustozlari ham uni sevguvchi edilar.
Mirzo Ulug‘bek yosh bola paytida Amir Temur Rum mulkidan olib kelgan bir donishmand unga saboq bergan ekan. Rumlik donishmandning bir odati bor ekan: saboq berish davomida boshini engashtirib, yerga qarab o‘tirar ekan. Agar shogirdi biror jumlani yanglish o‘qisa, yo boshqa bir xatoga yo‘l qo‘ysa, boshini ko‘tarib, unga qarab qo‘yar ekan. Bir kuni Mirzo Ulug‘bek ustozi oldida bir kitob o‘qir edi. Kitobda bo‘lgan: “Uddasidan chiqmagan narsangizni nega va’da qilasiz?” degan jumlani o‘qigach, ustozi boshini ko‘tarib, unga bir qarab qo‘yibdi. Ulug‘bek mirzo ehtimol, yanglish o‘qigan bo‘lsam kerak, deb jumlani diqqat bilan qaytadan o‘qibdi. Ammo ustozi bu gal ham boshini ko‘tarib, unga qarab qo‘yibdi. Mirzo Ulug‘bek saboqdan keyin bobosi yoniga kelib:
– Bobojon, ustozimga biror narsa va’da qilgan bo‘lsangiz, darhol va’dangizga vafo qiling, – deb bo‘lgan voqeani Amir Temurga aytib beribdi. Amir Temur nabirasining hikoyasini eshitib:
–Ustozing mendan Rumda qolib ketgan kutubxonasini olib kelishga odam yuborishimni so‘rab, bu kitoblar menga emas, nabirangizga kerakdur, deb iltimosini bayon qilgan edi. Men odam yuborishga va’da qilgan edim, ammo esimdan chiqib ketibdi, – debdi nabirasining zukkoligidan mamnun bo‘lib. So‘ng rumlik donishmandga bergan va’dasini darhol bajo keltirishga kirishgan ekan.
Mirzo Ulug‘bekning aqlliligi, ulug‘ligi xususida yana ko‘plab misollar, ba’zi qiziqarli rivoyatlar, ibratli hikoyatlar keltirish mumkin.
O‘tgan yilning oxirida Samarqandga sayohatga bordim. Amir Temur, Bibixonim, Registon ansambllarini ko‘zdan kechirdim. Bundan tashqari Mirzo Ulug‘bek 1417-1420 yillarda qurdirgan madrasa va boshqa tarixiy yodgorliklar, salobatini ko‘z-ko‘z qilib turgan binolar hamon millionlab sayyohlar uchun qiziqarli, sevimli joyga aylanganining guvohi bo‘ldim. Ulug‘ olim va astronom faqat Samarqanddagina emas, Buxoro hamda G‘ijduvonda ham ko‘plab madrasalar va boshqa inshootlar barpo etganini aytishdi. Uning Buxoro shahrida qad rostlagan madrasasi peshtoqidagi yozuv hamon ko‘plarni hayratlantirmoqda, qoyil qoldirmoqda: “Ilmga intilish har bir musulmon uchun farzdir”. Bu hikmatli so‘zlar bugungi yoshlar uchun ham nihoyatda qimmatli, tarbiyaviy ahamiyatga ega ekani sir emas.
Samarqandga borgan kishi Ulug‘bek rasadxonasini ham ko‘rmasdan qaytmasligi tayin. Chunki, bu ilm koshonasi kishilarga ma’naviy quvvat, zavq bag‘ishlaydi.
Mirzo Ulug‘bek nomi bugun ham millionlab kishilarning diqqat-e’tiborida. Uning muborak nomi abadiylashtirilgani, u haqda badiiy va san’at asarlari yaratilgani, hozirgi yoshlar ulardan bahramand bo‘lishayotgani fikrimizning dalilidir.
Mashhur yozuvchi Odil Yoqubovning “Ulug‘bek xazinasi” romanini bir necha marta o‘qib chiqdim. Adib asar bosh qahramoni Mirzo Ulug‘bek xarakteriga xos jihatlarni mahorat bilan tasvir etgan. Bundan tashqari ajoyib rejissyorlar tomonidan yaratilgan “Ulug‘bek yulduzi” badiiy filmini ham ikki-uch marta ko‘rdim va g‘oyat ta’sirli film ekanligiga amin bo‘ldim.Taniqli shoir Maqsud Shayxzodaning “Mirzo Ulug‘bek” asari ham har jihatdan mukammal san’at namunasidir. Unda rollarni ijro etgan bir nechta fidoyi va talantli aktyorlarning mahoratiga qoyil qolasiz.
Toshkent shahri tumanlaridan biri, poytaxtdagi yirik universitet, metro bekatlaridan biri buyuk davlat arbobi va astronom-olim nomi bilan atalganligi Mirzo Ulug‘bekka bo‘lgan yuksak ehtirom hamda hurmatning yorqin namunasidir. Chunki, Mirzo Ulug‘bek o‘zbek xalqining faxri.