Tanzila Norboyeva Parlamentlararo ittifoq raisi Tuliya Ekson bilan uchrashdi
Tanzila Norboyeva Parlamentlararo ittifoq raisi Tuliya Ekson bilan uchrashdi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva Jeneva shahrida Parlamentlararo ittifoq raisi Tuliya Ekson bilan uchrashdi.
O‘zaro muloqotda O‘zbekiston va Parlamentlararo ittifoq o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni mustahkamlash, shuningdek, hamkorlikda o‘tkaziladigan tadbirlarning tashkiliy masalalari muhokama qilindi.
Qisqa muddat ichida O‘zbekiston Parlamentlararo ittifoqning ajralmas qismiga aylangani qayd etildi. Buxoro shahrida Barqaror rivojlanish maqsadlariga bag‘ishlangan Xalqaro parlament forumi hamda Toshkent shahrida Parlamentlararo ittifoqqa a’zo davlatlar parlamentlari ayol rahbarlari 14-sammitining muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bunga yorqin misol bo‘la olishi alohida ta’kidlandi.
Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan kelgusi yili Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi O‘zbekistonda o‘tkaziladi.
Markaziy Osiyo mintaqasida ilk bor parlament yo‘nalishidagi bunday keng ko‘lamli tadbirning o‘tkazilishi jahon hamjamiyati tomonidan O‘zbekistonning jahon siyosati markazlaridan biri sifatida e’tirof etilayotganini tasdiqlaydi.
Uchrashuvda mamlakatimizda 150-assambleyani o‘tkazish bilan bog‘liq masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
– O‘zbekiston ushbu assambleyaga mezbonlik qilayotganidan mamnunmiz, chunki aynan sizning mamlakatingiz bunday sharafga munosibdir, - dedi T.Ekson. – Men Toshkentda o‘tkaziladigan yubiley tadbirni Parlamentlararo ittifoq va butun jahon parlamentarizmi tarixidagi unutilmas voqeaga aylantirish uchun bor kuchimni ishga solishga tayyorman.
2025-yilda Toshkentda o‘tkaziladigan tadbir yakunlariga ko‘ra, jahon parlament harakatining o‘rta va uzoq muddatli istiqboldagi ustuvor yo‘nalishlarini belgilab beradigan tegishli hujjatni qabul qilish rejalashtirilayotgani ma’lum qilindi.