Maqsad – inson salohiyatiga kapital yo‘naltirish, uni harakatga undash, dunyoqarashni o‘zgartirishdan iborat
Maqsad – inson salohiyatiga kapital yo‘naltirish, uni harakatga undash, dunyoqarashni o‘zgartirishdan iborat
Prezident Shavkat Mirziyoyev 25-mart kuni iqtisodiyotning turli tarmoqlarida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishish, yirik energetika obyektlari qurilishini boshlab berish, mahallalar ahli bilan muloqot qilish maqsadida Namangan viloyatiga tashrif buyurdi.
Ta’kidlash joiz, sanoatni rivojlantirish keyingi yillarda Namangan viloyatining "drayveri", ya’ni "o‘sish nuqtasi"ga aylandi. Davlatimiz rahbarining viloyatga tashrifining ilk kuni manzillarida aynan sanoat rivojiga ustuvor ahamiyat qaratilgani ham bejizga emas.
Davlatimiz rahbari dastlab Yangi Namangan tumanidagi “Gavhar grup” korxonasini borib ko‘rdi. U yiliga 1 ming 200 kilogramm zargarlik buyumlarini sanoat usulida ishlab chiqarish quvvatiga ega.
Yurtimiz zargarligi qadimdan mashhur. Jumladan, Namanganda ham “qo‘li gul” hunarmand sulolalar bo‘lgan. Lekin yetarli sharoit bo‘lmagani, xomashyo sotib olishdagi qiyinchiliklar sababli ko‘p zargarlar faoliyatini to‘xtatgan edi. Bori ham buyumlarni qo‘l mehnatida tayyorlardi.
Prezidentimizning 2019-yil 18-maydagi “O‘zbekiston Respublikasida zargarlik tarmog‘ini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni soha vakillariga keng imkoniyatlar ochdi. Xususan, zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilarga kon-metallurgiya kombinatlari va aholidan qimmatbaho metall parchalari, qimmatbaho toshlar va ulardan yasalgan buyumlarni sotib olish huquqi berildi. Xorijdan texnologiya va mutaxassislar olib kelish qo‘llab-quvvatlandi.
Bunday e’tibor va imkoniyatlar zargar tadbirkorlarga ishonch berdi. “Gavhar grup” mas’uliyati cheklangan jamiyati ham shu tariqa vujudga keldi. Turkiya, Italiya, AQSH va Germaniyadan zamonaviy uskunalar keltirilib, 2022-yilda ishga tushirildi.
Bugungi kunda korxonada 10 ming xil dizayndagi zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish o‘zlashtirilgan. Chet ellar bilan hamkorlikda qo‘l soatlarining tilla korpusini tayyorlash yo‘lga quyilgan. 2023-yilda 270 kilogramm mahsulot ishlab chiqarilgan.
Shuningdek, bu yerda 3D modellashtirish orqali buyurtma asosida istalgan ko‘rinishdagi buyumlarni ishlab chiqarish mumkin.
Oltinni Tovar-xomashyo birjasidan kechiktirib to‘lash sharti asosida sotib olish imkoniyati aylanma mablag‘ va ishlab chiqarish uzviyligida muhim omil bo‘lmoqda.
Yana bir muhim tomoni, korxonada mahalliy zargarlar bilan kooperatsiya yo‘lga qo‘yilgan. Natijada yashirin ishlaganlar “soya”dan chiqdi, ish o‘rinlari ko‘paydi. Korxonada 100 dan ortiq kishining bandligi ta’minlangan. Shu yerning o‘zida yoshlarga hunar ham o‘rgatiladi.
Davlatimiz rahbari korxonada ishlayotgan zargarlar bilan suhbatlashdi.
– Mamlakatimizda yiliga 100 tonna oltin qazib olayapmiz. Uni zargar tadbirkorlarga bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishga ruxsat berilgan. Ochig‘i, bunday imkoniyatlar hech qaysi davlatda yo‘q. Lekin, yurtimizda oltinning atigi 6 foizi qayta ishlanayapti. Oltin qazib olinmaydigan mamlakatlar bizdan ko‘p eksport qilayapti. Bu sohada biroz kechikdik. Shuning uchun ishlab chiqarishga qo‘shimcha sharoitlar yaratayapmiz. Bu hali boshlanishi. Sohani hali yana rivojlantiramiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Turkiyalik ishbilarmonlar bilan tajriba almashish, sohaga oid qonunchilikni takomillashtirish masalalari bo‘yicha muloqot bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari shu yerda “Mexmash” mas’uliyati cheklangan jamiyati mahsulotlarini ham ko‘zdan kechirdi.
Bu korxona yiliga 20 ming tonna burama mix va 18 ming tonna rulonli qog‘oz ishlab chiqarish, 6 million dollarlik eksport quvvatiga ega. 700 kishi ish bilan ta’minlangan.
Bozor talabidan kelib chiqib, avtomobil sanoatida qo‘llanadigan mahkamlash mahsulotlari hajmini va eksportini oshirish, ish o‘rinlarini ko‘paytirish rejalari yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
Shundan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyati Uychi tumanidagi “Qumtepa” yoshlar kichik sanoat zonasida bo‘ldi.
Mahallalarda shakllangan kasb-hunarlarni rivojlantirib, drayverga aylantirish, shu orqali aholi bandligi va daromadlarini oshirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Uychi tumanidagi Qumtepa, Dehqon, Balandariq va Jiydakapa mahallalarida temirchilik shunday yo‘nalish.
2021-yilda bu yerda temirchilikka ixtisoslashgan sanoat zonasi tashkil etilib, xonadonlardagi usta-hunarmandlarga zarur sharoitlar yaratib berildi. Uch gektar maydonni egallagan majmua yo‘l, energiya, ichimlik va oqova suv kabi barcha infratuzilma bilan ta’minlandi. Shu bilan birga, energiya tejamkor usullar joriy etilib, quyosh panellaridan samarali foydalanilmoqda.
Davlatimiz rahbari bu yerda ishlab chiqarish jarayonini ko‘zdan kechirdi, temirchi hunarmandlar bilan suhbatlashdi.
Sanoat zonasida birinchi bosqichda 52 ta loyiha amalga oshirilib, 1 ming 500 dan ortiq ish o‘rni yaratilgan. Ustalar xomashyoni “Aziya metall prof” korxonasi va Toshkent metallurgiya zavodidan olib, temirdan darvoza, eshik, so‘ri, panjara va boshqa metall buyumlar ishlab chiqarmoqda.
Joylarda bu mahsulotlarga talab yuqori. Shu bois tadbirkorlar barcha viloyatlarda o‘z savdo uylari va ishlab chiqarish filiallarini ochgan. Bundan tashqari, qo‘shni davlatlarga 1,2 million dollarlik mahsulot eksport qilingan.
Ikkinchi bosqichda yana 45 ta loyihani amalga oshirish, 1 ming 330 ta qo‘shimcha ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
Prezidentimiz mutasaddilarga sanoat zonasi maydonidan samarali foydalanish, yoshlarni va ishsiz fuqarolarni hunarga jalb etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Shu yerda mahallabay ishlash orqali ishsizlikni kamaytirish bo‘yicha vazifalar muhokama qilindi.
Sayxunobod tajribasi asosida 14 ta tumandagi 788 ta mahallaga iqtisodiy idoralarning rahbar va mas’ul xodimlari biriktirilgan. Ular “mahalla yettiligi” bilan birga 557 ming xonadondagi imkoniyatlarni o‘rgangan.
– Men Sayxunobodda “bu yil iqtisodiyotimizda hayotiy uyg‘onish va yuksalish yili bo‘ladi” dedim. Maqsad – inson salohiyatiga kapital yo‘naltirish, uni harakatga undash, dunyoqarashni o‘zgartirish. Uychi tumani ham iqtisodiyoti og‘ir hudud. Ushbu tizim asosida ishsizlarga tomorqadan daromad topish, o‘z ishini ochish, qobiliyatini yuzaga chiqarishga ko‘maklashish kerak, – dedi Prezident.
Davlatimiz rahbari Qumtepa mahallasi markazida ham bo‘lib, aholi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Mazkur mahallada 5 ming 200 nafarga yaqin aholi yashaydi. Xonadonlar metalni qayta ishlash, dehqonchilik va xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan.
Bu yil mahalla qiyofasi yaxshilandi. Mahalla idorasi uchun yangi bino qurildi. Barcha xonadonlar ichimlik suvi ta’minotiga ulandi. Ichki yo‘llar, elektr tarmoqlari ta’mirlandi. “Yashil makon” dasturi doirasida yo‘l bo‘ylariga mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi.
Mahallada tikuvchilik sexi, go‘zallik saloni, sport maydonchalari, tibbiyot punkti, kutubxona, oziq-ovqat do‘konlari hamda dorixonalar aholiga xizmat ko‘rsatmoqda.
Yangi mahalla binosida Tadbirkorlarga ko‘maklashish markazi ham tashkil etildi. Bu yerda aholi va tadbirkorlar ayrim davlat xizmatlaridan foydalanishi mumkin. Prezident buni ma’qullab, davlat idoralari bilan bog‘liq masalalarni iloji boricha mahallalarning o‘zida hal etish zarurligini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbari Namangan tumanidagi “Nam Motor Servis” korxonasi faoliyati bilan tanishdi.
To‘rt gektardan ortiq hududda joylashgan ushbu investitsion loyihaning dastlabki bosqichi 2021-yilda ishga tushirilgan. Xitoydan zamonaviy texnologiyalar keltirib o‘rnatildi. Natijada yiliga o‘n ming dona elektr dvigatel, ikki ming dona suv nasosi ishlab chiqarish quvvati yaratildi. Yuz kishi ish bilan ta’minlandi.
Korxona mahsulotlari energiya tejamkorlik klassining “IE2” darajasida bo‘lib, xalqaro standartlarga javob beradi. Ular mamlakatimizdagi kon-metallurgiya kombinatlari, suv xo‘jaligi hamda Markaziy Osiyo davlatlariga yetkazib berilmoqda.
Yana bir muhim jihati, elektr dvigatellar ishlab chiqarish 60, suv nasoslari 100 foiz mahalliylashtirilgan.
Prezidentimizga korxonaning istiqboldagi rejalari, navbatdagi bosqichlar haqida ma’lumot berildi.
Loyihaning ikkinchi bosqichi may oyida, yakuniy bosqich esa yil oxirigacha ishga tushadi. Natijada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar turi ortib, hamkorlik geografiyasi kengayadi. Yana 160 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Xususan, bu yerda 2,2 ming tonna emallangan sim, 6 ming dona elektr dvigatel, 4 ming dona katta hajmdagi suv nasosi ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi. Bu qo‘shimcha 500 milliard so‘mlik sanoat mahsulotlari, degani.
Boshqa tarmoqlar va korxonalar bilan kooperatsiyani kengaytirish, mahalliylashtirish darajasini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Mamlakatimizning barcha hududlarida investitsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda, yana sarmoyalar kirib kelmoqda. Bunga asos – Yangi O‘zbekistonga bo‘lgan ishonch.
Namangan viloyatida ham umumiy qiymati 4 milliard dollarlik 47 loyiha shakllantirilgan. Shundan 2 milliard 300 million dollarlik 17 tasi davlatimiz rahbariga taqdimot qilindi.
Ularga Rossiya, Xitoy, Turkiya, BAA, Fransiya, Germaniya, Avstriya, Italiya, Niderlandiya, Eron, Pokiston kabi mamlakatlar kompaniyalari investitsiya kiritmoqda. Loyihalar qurilish materiallari, elektr texnikasi, kimyo, to‘qimachilik, oziq-ovqat, farmatsevtika, tibbiyot, konchilik, baliqchilik va boshqa tarmoqlarni qamrab olgan.
Masalan, Xitoy bilan hamkorlikda Chust tumanida mis qazib olish va qayta ishlash, pokistonlik investor tomonidan To‘raqo‘rg‘on tumanida sintetik mato ishlab chiqarish va bo‘yash, Avstriya kompaniyasi bilan viloyat travmatologiya markazini jihozlash rejalashtirilgan.
Mazkur 47 ta loyiha natijasida 40 mingdan ortiq aholi ish bilan ta’minlanadi.
Davlatimiz rahbari investor va tashabbuskorlar bilan birma-bir suhbatlashdi. Loyihalarning iqtisodiy samaradorligi muhokama qilinib, ularni jadallashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Shu kuni Namangan viloyatida yangi elektr stansiyalari qurilishiga bag‘ishlangan marosim bo‘ldi.
Mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. So‘nggi yillarda Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand va Surxondaryoda 1,6 gigavattli 9 ta quyosh va shamol elektr stansiyalari tarmoqqa ulandi. Andijon, Samarqand, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida 183 megavattli 6 ta gidroelektrstansiyasi ishga tushirildi.
Bugungi kunda Namanganda jami 913 megavatt generatsiya quvvati mavjud. So‘nggi uch yilda elektr iste’moli 24 foizga o‘sgan va bu, tabiiyki, davom etadi.
Shu bois viloyatda jami qiymati 1,1 milliard dollar, quvvati 1 ming 228 megavatt bo‘lgan uchta majmua loyihalashtirildi. Bular gidroelektrstansiyalar kaskadi hamda ikkita quyosh elektr stansiyasidir.
Jumladan, “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati 434 million dollar evaziga Uychi tumani, Norin daryosida 228 megavattli 6 ta “GES kaskadi”ni barpo qiladi. Buning natijasida yiliga 1 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi, 310 million metr kub gaz iqtisod qilinadi, 430 ming xonadonga elektr uzatiladi.
Yana bir e’tiborli tomoni, ushbu GES to‘liq yurtimizda ishlab chiqarilayotgan uskuna va texnologiyalar hisobiga quriladi. Ya’ni u mamlakatimizda “birinchi milliy GES” bo‘ladi.
Bu stansiyalarda 133 kishi, qurilish davrida 4 ming odam ishlaydi.
Pop tumanida Germaniyaning “Hyper Partners GmbH” kompaniyasi tomonidan 500 megavatt quvvatli quyosh elektr stansiyasi quriladi. Mazkur loyihaning qiymati 350 million dollar bo‘lib, yillik ishlab chiqarish hajmi 1 milliard 95 million kilovatt-soatni tashkil etdi.
Birlashgan Arab Amirliklarining “Tepelen Group Holding Limited” kompaniyasi bilan hamkorlikdagi quyosh elektr stansiyasi ham Popda quriladi. Uning ham qiymati 350 million dollar, quvvati 500 megavattni tashkil etadi.
Ushbu stansiyalarni shu yil yakuniga qadar tarmoqqa ulash ko‘zda tutilgan. Ularda 120 kishi doimiy ish o‘rniga ega bo‘ladi.
Mazkur loyihalar natijasida Namangan viloyatining generatsiya quvvatlari 2 141 megavattga yetadi. Yillik 7,8 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Bu esa viloyatning elektr energiyasiga bo‘lgan 5,5 milliard kVt soatlik talabini to‘liq qoplaydi. Ortgan 30 foiz elektr Andijon va Farg‘ona viloyatlariga yo‘naltiriladi.
Marosimda Prezident Shavkat Mirziyoyev ramziy tugmani bosib, mazkur yirik energetika loyihalari qurilishini boshlab berdi.
– Odamlarimiz farovon yashashiga sharoit yaratish Yangi O‘zbekiston siyosatining asosiy poydevorlaridan biridir. Buning uchun katta-kichik loyihalarni o‘z vaqtida ishga tushirish, ularning barqaror faoliyati uchun uzluksiz energiya ta’minoti nihoyatda zarur. Shu ma’noda, bugungi marosim ham tarixiy voqea. Barchangizni shunday yangi loyiha va tashabbuslar bilan tabriklayman, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ta’kidlash joizki, 2025-yilda Pop va Uychi tumanlarida umumiy quvvati 200 megavatt bo‘lgan elektr energiyasini saqlash tizimlari ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Bu loyihalar iste’mol ortgan davrda yagona energetika tizimini rostlash va elektr energiyasini iste’molchilarga barqaror yetkazib berishga xizmat qiladi.
Shu yilning o‘zida respublikamizda 14 ta quyosh va shamol stansiyasini qurish doirasida 2,6 gigavatt quvvat tarmoqqa ulanadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev kunning ikkinchi yarmida Namangan shahrida Namangan, Andijon va Farg‘ona viloyatlari hokimlari hamda iqtisodiy kompleks mutasaddilari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazdi.
Unda Sayxunobod tajribasi asosida mahallabay ishlash, tomorqa va xonadonlardagi imkoniyatlardan foydalanib, aholi daromadlarini oshirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.
Vodiy viloyatlarida aholi zich yashaydi. Har qarich yer qadrli. Mirishkorlar yerdan foydalanishning hadisini olgan. Hunarmandchilik, tadbirkorlik yaxshi rivojlangan. Shu bilan birga, mahallalarda ishsizlar, ehtiyojmandlar ham bor.
Davlatimiz rahbari bunday insonlarga alohida e’tibor qaratish, tashkiliy-moliyaviy ko‘mak berib, bandligini ta’minlash zarurligini aytdi. Buning uchun barcha mas’ullar har bir korxona, tadbirkor va xonadon bilan yaqindan ishlaydigan tizimni yo‘lga qo‘yishi kerak.
Shu bois mahallalarga hokimlik va barcha iqtisodiy idora xodimlari biriktirilmoqda. Ular xonadonlarda bo‘lib, imkoniyatlarini tahlil qiladi.
Masalan, tomorqasi bo‘lsa, undan samarali foydalanish, daromadini 60-70 million so‘mga olib chiqish bo‘yicha namuna yaratadi. Hunarmandlikka uquvi borlarga xomashyo, uskuna va aylanma mablag‘dan yordamlashiladi. Tadbirkorlik istagi bo‘lsa, biznes loyihalar qilib beriladi.
Bunda, ayniqsa, tijorat banklari faol bo‘lishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi. Ya’ni, ular, avvalo, o‘z mijozlari bo‘lgan korxonalar negizida qo‘shimcha ish o‘rinlari ochilishini qo‘llab-quvvatlashi lozim.
Qolaversa, banklarga davlat tomonidan katta resurslar ajratilmoqda. Ular joylarda aholi tashabbuslariga yo‘naltirilib, bandlikka xizmat qilishi zarur.
Bu mablag‘lar yangi ish o‘rinlari, qo‘shimcha mahsulotlar, aholining xarid qobiliyati orqali oxir oqibat iqtisodiyotga tushum bo‘lib qaytadi.
Xonadonlarda kichik qayta ishlashlarni tashkil etish, odamlarni mahsulot ishlab chiqarishga o‘rgatish, kooperatsiya va kasanachilikni kengaytirish vazifasi qo‘yildi.
Tomorqalarda va dehqonchilik uchun ajratilgan yerlarda sarxil meva-sabzavotlar yetishtirib, eksport qilish, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik orqali ro‘zg‘orlarga baraka kiritish mumkinligi ta’kidlandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrifining birinchi kuni yakunida mamlakatimiz bo‘ylab o‘tkazilgan iftorlikda ishtirok etdi.
Xalqimiz hayoti va ma’naviyatida Islom dinining o‘rni beqiyos. Yurtimiz musulmonlari muqaddas aqidalarga amal qilib, ezgu an’analarni davom ettirib kelmoqda.
Bu yil ham elimiz ma’naviy poklik, xayr-u saxovat ayyomi bo‘lgan Ramazon oyini katta xursandchilik bilan kutib oldi. Masjidlarda Qur’oni karim xatm qilinib, yurtimizga fayz-u baraka yog‘moqda. Jamiyatimizda do‘stlik-birodarlik, mehr va saxovat tuyg‘ulari kuchaymoqda. Odamlar bir-biriga yanada mehr-oqibatli bo‘lib, bemorlar va keksalar, yordamga muhtoj insonlarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish tobora kengaymoqda.
Bugungi muborak oqshomda yurtimizning barcha hududlarida, viloyat, shahar va tumanlardagi hamma mahallalarda iftorlik dasturxonlari yozildi. Namangan viloyatidagi ehsonga Farg‘ona va Andijon viloyati nuroniylari ham tashrif buyurdi.
Davlatimiz rahbari mamlakatimiz musulmonlarini Ramazon oyi bilan yana bir bor tabrikladi.
– Bugun barchamiz – muhtaram ulamolarimiz va nuroniylarimiz, jamoatchiligimiz vakillari birgalikda iftor qilmoqdamiz. Yagona, ahil oila bo‘lib yashayotgan ko‘p millatli O‘zbekiston xalqi bugun go‘yoki bir dasturxon atrofida jam bo‘lib o‘tiribdi. O‘ylaymanki, bu savobli tadbir inson qadrini ulug‘lashga, o‘sib kelayotgan yoshlarimizni mana shunday olijanob ruhda tarbiyalashga xizmat qiladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident bu ishlarga hissa qo‘shayotgan iymon-diyonatli, saxovatli yurtdoshlarimizga tashakkur aytdi.
Chindan ham, xalqimiz azal-azaldan bir-biriga tayanch bo‘lib, mehr-muruvvat ko‘rsatib yashashni odamiylikning oliy mezoni deb biladi. Ayni shu olijanob fazilatlar bizlarni doimo yagona xalq, yagona millat etib birlashtiradi, hayot sinovlari va qiyinchiliklarini yengib o‘tishda beqiyos kuch-quvvat beradi.
Keyingi yillarda xorijda o‘qiyotgan va ishlayotgan vatandoshlarimizga ham munosabat o‘zgardi. Ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha salmoqli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, ularni Vatanimizga qaytarish, ish o‘rni va daromad manbai bilan ta’minlash, oila a’zolari va farzandlarini ijtimoiy himoyalash yuzasidan muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Yaqinda 40 dan ziyod ulamolar Rossiya, AQSH, Janubiy Koreya, Turkiya, Misrga safarga yuborildi. U yerlardagi vatandoshlarimizni din-u diyonatga da’vat etish bilan birga, hozirgi tahlikali vaziyatda ogoh bo‘lib, qonunlarni hurmat qilish, yomon yo‘llarga kirmaslik zarurligi haqida suhbatlar qilishdi.
Davlatimiz rahbari chet eldagi yurtdoshlarimizni ham ulug‘ ayyom bilan tabriklab, ularga sog‘liq-omonlik va omad tiladi.
Ma’lumki, yangilangan Konstitutsiyamizda “O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” degan muhim qoida belgilab qo‘yilgan. Shu asosda mamlakatimizda mutlaqo yangi ijtimoiy himoya tizimi shakllanmoqda. Bu tizim birinchi navbatda ehtiyojmand kishilarga, jumladan, nogironligi bo‘lgan, kam ta’minlangan, yetim qolgan, o‘zgalar parvarishiga muhtoj insonlarga har tomonlama e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatishga qaratilgan.
Bu haqda so‘zlar ekan, Shavkat Mirziyoyev Alisher Navoiy bobomizning “Kimki bir ko‘ngli buzug‘ning xotirin shod aylagay, oncha borkim, Ka’ba vayron bo‘lsa, obod aylagay” degan hikmatini yodga oldi.
Bunday qarash muqaddas dinimizning asl insoniy mohiyati bilan hamohangdir. Haqiqatan ham, chinakam musulmon o‘ziga ravo ko‘rgan narsani boshqalarga ham ravo ko‘radi.
Mamlakatimizda xalq farovonligini oshirish, kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan sa’y-harakatlar mohiyati aytib o‘tildi.
Davlatimiz rahbari so‘zining yakunida eng ezgu tilaklarini bildirdi.
– Muborak Ramazon oyi sharofati bilan yurtimizda, jami musulmon o‘lkalarda, butun dunyoda tinchlik, barqarorlik hukm sursin, odamlar, xalqlar o‘rtasida do‘st-birodarlik, o‘zaro hurmat tuyg‘ulari ustuvor bo‘lsin. Kuchlilar – ojizlarga tayanch, saxovatpeshalar – muhtojlarga yordamchi, yoshlar – qariyalarga g‘amxo‘r bo‘lsin. Dinimizda belgilab berilgan to‘g‘ri yo‘ldan og‘ishmaylik, ayni paytda zamon bilan hamnafas yashaylik. Yoshlarimiz bilimlari bilan jahonga tanilib, yurtimiz dovrug‘ini yuksaklarga ko‘tarishsin. O‘zbekiston dunyoning eng oldi, eng ilg‘or davlatlaridan biriga aylansin. Tutgan ro‘zalarimiz, duolarimiz dargohida qabul bo‘lsin, – dedi Prezidentimiz.
Qur’on oyatlari tilovat etilib, Alloh taolodan xalqimizga tinchlik-farovonlik tilab duolar qilindi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Namangan viloyatiga tashrifi davom etmoqda.