Kuvaytdan munosabat: O'zbekiston jadal rivojlanayotgan sayyohlik yo'nalish sifatida kuvaytlik turistlar uchun juda ko'p narsalarni taklif eta oladi
Kuvaytdan munosabat: O'zbekiston jadal rivojlanayotgan sayyohlik yo'nalish sifatida kuvaytlik turistlar uchun juda ko'p narsalarni taklif eta oladi
AL-KUVAYT, 27-mart. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasi tomonidan mamlakatimizning sayyohlik va sarmoyaviy salohiyatiga bag'ishlagan taqdimot o'tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Unda kuvaytlik tadbirkorlar, investorlar va sayyohlik kompaniyalari rahbarlari qatnashdi.
Ishtirokchilarga mamlakatimizning boy tarixi, madaniyati, jahon sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qo'shgan ko'plab mutafakkir olimlari, boy madaniy merosi va yurtimizdagi qadimiy obidalar haqida ma'lumot berildi.
Qayd etilganidek, "O'zbekiston-2030" strategiyasida xorijiy sayyohlar sonini 15 millionga, mahalliy sayyohlar sonini esa 25 millionga yetkazish ko'zda tutilgan.
Kuvayt fuqarolari uchun O'zbekistonga kirish bo'yicha 10 kunlik vizasiz tartib joriy etilgani hamda hozirgi kunda "Jazeera" aviakompaniyasining Toshkent, Samarqand, Namangan va Farg'ona shaharlariga reyslari yo'lga qo'yilgani ma'lum qilindi.
Samarqand, Xiva, Buxoro va Toshkent kabi tarixiy shaharlarimiz, mamlakatimiz tabiatining go'zalligi va rang-barangligi, o'zbek xalqining ko'p asrlik hunarmandchilik an'analari, urf-odatlari va bayramlari ko'plab sayyohlarni jalb qilayotgani ta'kidlandi.
Tadbirda so'zga chiqqan Kuvayt vakillari O'zbekistonda xorijiy sayyohlarga taqdim etilayotgan xizmatlarni yuqori baholadilar.
Qayd etilishicha, O'zbekiston qadimiy Ipak yo'lining durdonasi va jadal rivojlanayotgan sayyohlik yo'nalishlaridan biri sifatida kuvaytlik sayyohlar uchun juda ko'p narsalarni taklif eta oladi.