Kuvayt O'zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar eksportini kengaytirishni rejalashtirmoqda
Kuvayt O'zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar eksportini kengaytirishni rejalashtirmoqda
AL-KUVAYT, 7-may. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Ayubxon Yunusov Kuvaytning "Suma Fruits International" kompaniyasiga tashrif buyurib, menejerlar Muhammad Husayn va Sulaymon al-Hamad bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Suhbat avvalida Kuvayt vakillari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli o'zgarishlar, o'zbek mahsulotlarining eksporti uchun taqdim etilayotgan imtiyozlar, xorijiy importyorlar uchun yaratilgan qulayliklar bilan tanishtirildi.
Kuvayt tomoni O'zbekistonda yetishtirilgan meva-sabzavotlarini sotib olish uchun o'zbek kompaniyalari bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanini ma'lum qildi.
Tomonlar, shuningdek, O'zbekistondan meva-sabzavotlarni Kuvaytga olib kelish bo'yicha eng arzon va qulay transport-logistika yo'llari xususida ham fikr almashdilar.
O'zbekiston elchisi tashrif davomida "Suma Fruits International" kompaniyasida ho'l meva va sabzavotlarni saqlash uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Uchrashuv yakunida "Suma Fruits International" kompaniyasi va O'zbekiston kompaniyalari o'rtasida muzokaralar o'tkazish to'g'risida kelishib olindi.