"Q8 Press": Toshkent – Markaziy Osiyoda madaniyat va tarix darvozasi
"Q8 Press": Toshkent – Markaziy Osiyoda madaniyat va tarix darvozasi
AL-KUVAYT, 8-may. /"Dunyo" AA/. Kuvaytning ommabop "Q8 Press" elektron nashrida "Toshkent – Markaziy Osiyoda madaniyat va tarix darvozasi" sarlavhali maqola joylashtirildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
"O'zbekiston poytaxti Toshkent shahri boy madaniyat, qadimiy tarix va maftunkor diqqatga sazovor joylarni o'zida mujassam etgan Markaziy Osiyoning eng jozibali shaharlaridan biri hisoblanadi", –deyiladi maqola muqaddimasida.
Nashrda qayd etilganidek, Toshkent o'zining ming yillarga borib taqaladigan qadimiy tarixi bilan mashhur bo'lib, azaldan sivilizatsiyalar markazi bo'lib kelgan. Zamonaviy Toshkentda an'anaviy san'at va hunarmandchilik namunalarini namoyish etuvchi hamda shaharning qadimiy o'tmishi haqida hikoya qiluvchi ko'plab muzey va galereyalar mavjud.
"Toshkent o'zining samimiy va mehmondo'stligi bilan mashhur bo'lib, shahar aholisi sayyohlarni iliq tabassum va o'ziga xos izzat-ikrom bilan kutib oladi. Sayyohlar milliy restoranlarda mazali taomlardan bahramand bo'lishlari va yil davomida shaharda bo'lib o'tadigan madaniy va ko'ngilochar tadbirlarda qatnashishlari mumkin", – deya ta'kidlagan elektron nashr.