Kuvayt O'zbekistondan quritilgan mevalar eksportini ko'paytirmoqchi
Kuvayt O'zbekistondan quritilgan mevalar eksportini ko'paytirmoqchi
AL-KUVAYT, 11-may. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Ayubxon Yunusov Kuvaytning "Al Homaizi Food Industries" kompaniyasi menejeri Muhammad Husayn, bo'lim boshlig'i Imad Ahmad Mir, departament direktori Muhammad Abdulhadi bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Suhbat chog'ida O'zbekistonda yetishtirilgan va ishlab chiqarilgan mahsulotlarni Kuvayt bozoriga eksport hajmini yanada oshirish imkoniyatlari xususida fikr almashildi.
Kuvayt vakillari O'zbekistonda turli sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar, o'zbek mahsulotlarining eksporti uchun taqdim etilayotgan imtiyozlar, xorijiy importyorlar uchun yaratilgan qulayliklar bilan tanishdilar.
Kuvayt tomoni O'zbekistondan quruq mevalar, shokolad mahsulotlari, sharbat va holva kabi turli shirinliklarni sotib olish maqsadida o'zbek kompaniyalari bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanligini ma'lum qildi.
Elchi "Al Homaizi Food Industries" kompaniyasi rahbariyati va vakillarini shu yil 13-14-may kunlari o'tkaziladigan O'zbekistonning investitsiyaviy, eksport va turistik salohiyatiga bag'ishlangan ko'rgazmada ishtirok etishga taklif qildi.
Ko'rgazma davomida "Al Homaizi Food Industries" kompaniyasi O'zbekistondan quritilgan mevalarni Kuvaytga eksport qilish uchun o'zbek eksportyor kompaniyalari bilan hamkorlik o'rnatishi mumkinligi ta'kidlandi.
Uchrashuv yakunida muhokama qilingan yo'nalishlar bo'yicha ishlarni jadallashtirish maqsadida O'zbekiston kompaniyalari bilan onlayn muzokaralar o'tkazish to'g'risida kelishildi.