Kuvaytdan munosabat: Xotin-qizlar imkoniyatlarini kengaytirishga e'tibor qaratish orqali O'zbekiston xalqaro hamjamiyatga ushbu masalada jiddiy yondashayotganini namoyish etmoqda
Kuvaytdan munosabat: Xotin-qizlar imkoniyatlarini kengaytirishga e'tibor qaratish orqali O'zbekiston xalqaro hamjamiyatga ushbu masalada jiddiy yondashayotganini namoyish etmoqda
AL-KUVAYT, 13-may. /"Dunyo" AA/. Kuvayt Xotin-qizlar jamiyatlari uyushmasi Boshqaruv kengashi raisi sheyxa Fadiya as-Saboh "Dunyo" AA uchun intervyusida bugun Samarqand shahrida boshlanayotgan Osiyo xotin-qizlari forumi haqidagi fikrlarini bildirdi:
— Prezident Shavkat Mirziyoyev BMTning 78-sessiyasida Osiyo xotin-qizlari forumini O'zbekistonda o'tkazish tashabbusi bilan chiqdi. Ushbu forumga mezbonlik qilishdan asosiy maqsad ayollarni seminar-treninglar, amaliy mashg'ulotlarga keng jalb qilish, ularning ta'lim olish va iqtisodiy imkoniyatlarini yanada kengaytirishdan iborat.
Bunday yuqori darajadagi tadbirlarni o'tkazish tashabbusi xalqaro maydonda o'z o'rniga ega bo'lishga intilayotgan yosh mustaqil davlat va uning rahbariyati uchun muhim ahamiyatga ega. Xotin-qizlar imkoniyatlarini kengaytirishga e'tibor qaratish orqali O'zbekiston xalqaro hamjamiyatga ushbu masalaga jiddiy yondashayotganini namoyish etmoqda. Shuningdek, O'zbekiston hukumati ayollar huquqlarini ta'minlash bo'yicha xalqaro tajribani o'rganish va o'z yutuqlarini targ'ib etish imkoniyatiga ega bo'layotir.
Xotin-qizlar haq-huquqlarini munosib himoya qilish, ularning jamiyatdagi ishtirokini kengaytirish juda muhim masala hisoblanadi. Shu bois, ushbu forum tajriba almashishdan boshlab, ayollar imkoniyatlarini kengaytirishga oid bir qancha masalalar, xususan, gender tengligiga erishish, xotin-qizlar va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish kabi yo'nalishlarni qaram oladi.
Kuvayt Xotin-qizlar uyushmasi uchun ushbu konferensiyada ishtirok etish juda muhim. Chunki Uyushma Kuvayt ayollarini bunday xalqaro anjumanlar va konferensiyalarda taqdim etishni xohlaydi.
Uyushmamizning asosiy maqsadi Kuvayt ayollarini, ularning ishlari va yutuqlarini xalqaro miqyosda namoyish etishdan iborat. Ushbu maqsadga erishish uchun biz xalqaro aloqalarimizni rivojlantirib boryapmiz. Bundan tashqari, mamlakatimizda bir qator mintaqaviy va xalqaro seminar hamda konferensiyalarni tashkil qilayapmiz. Xalqaro tadbirlarga fao ishtirok etish Kuvayt ayollari uchun tajriba almashish va xalqaro miqyosda hamkorlikni kuchaytirish uchun muhim vosita hisoblanadi.