Kuvaytda O'zbekistonning investitsiyaviy, eksport va turistik salohiyatiga bag'ishlangan ko'rgazma bo'lib o'tdi
Kuvaytda O'zbekistonning investitsiyaviy, eksport va turistik salohiyatiga bag'ishlangan ko'rgazma bo'lib o'tdi
AL-KUVAYT, 16-may. /"Dunyo" AA/. Investitsiyalar, savdo va sanoat vazirining birinchi o'rinbosari Nozimjon Xolmurodov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasining Kuvaytga tashrifi davomida O'zbekistonning investitsiyaviy, eksport va turistik salohiyatiga bag'ishlangan ko'rgazma tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Tadbirning ochilish qismida Kuvayt tashqi ishlar vazirining iqtisodiy masalalar bo'yicha o'rinbosari Sami al-Hamad, Kuvayt Savdo-sanoat palatasi bosh direktori o'rinbosari Firas al-Avda va ushbu mamlakatning yirik kompaniyalari hamda ishbilarmon doira vakillari, shuningdek, diplomatik korpus qatnashdi.
O'zbekiston investitsiyalar, savdo va sanoat vazirining birinchi o'rinbosari Nozimjon Xolmurodov o'z nutqida mamlakatimizda savdo-iqtisodiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, iqtisodiyotni liberallashtirish, xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay sarmoyaviy muhit, o'zbek mahsulotlarining eksporti uchun taqdim etilayotgan imtiyozlar, xorijiy importyorlar uchun yaratilgan qulayliklar haqida batafsil ma'lumot berdi.
Kuvayt Savdo-sanoat palatasi bosh direktori o'rinbosari Firas al-Avda O'zbekiston biznes delegatsiyasini Kuvaytga tashrifi bilan qutladi. Uning ta'kidlashicha, davlat va xususiy sektorlar vakillaridan iborat O'zbekiston delegatsiyasining Kuvaytga tashrifi kuvaytlik investorlar va ishbilarmonlar bilan hamkorlik aloqalarini o'rnatishga bo'lgan kuchli intilishni namoyon etmoqda.
"O'zbekiston va Kuvaytda savdo-iqtisodiy sohada islohotlar jadal kechmoqda. Jumladan, "2022-2026-yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasi" va "Kuvaytning 2035-yilgacha diversifikatsiya qilingan bozor iqtisodiyotini barpo etish bo'yicha qarashlariga" hamohangdir. Mana shunday o'xshashliklarning mavjudligi turli sohalarda hamkorlik ko'lamini yanada kengaytirish uchun ulkan imkoniyatlar yaratadi", dedi u.
Ko'rgazma davomida O'zbekistonning investitsiyaviy, eksport va turistik salohiyatiga bag'ishlangan taqdimot o'tkazildi.
Mehmonlar "Made in Uzbekistan" ko'rgazmasi faoliyati bilan yaqindan tanishib, mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlar sifatini yuqori baholashdi.
Ikki kun davom etgan ko'rgazma doirasida ikki mamlakat ishbilarmon doira vakillari o'rtasida B2B formatidagi uchrashuvlar tashkil etildi. Olib borilgan muzokaralar natijasida O'zbekiston va Kuvayt biznes vakillari bir qator eksport shartnomalarini imzoladilar.