Sergeli tumani hokimligi va Kuvayt kompaniyasi o'rtasida ikkita yirik loyihani amalga oshirish bo'yicha memorandum imzolandi
Sergeli tumani hokimligi va Kuvayt kompaniyasi o'rtasida ikkita yirik loyihani amalga oshirish bo'yicha memorandum imzolandi
AL-KUVAYT, 17-may. /"Dunyo" AA/. Joriy yil 13-14-may kunlari Kuvaytda o'tkazilgan O'zbekistonning investitsiyaviy, eksport va turistik salohiyatiga bag'ishlangan ko'rgazma doirasida Toshkent shahri Sergeli tumani hokimi Elbek Shukurov va "Gulf General Trading Co. Ltd." kompaniyasi rahbari Iyad Solih o'rtasida uchrashuv tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Mazkur uchrashuv joriy yil 3-may kuni Toshkentda o'tkazilgan biznes muzokaralarning mantiqiy davomi hisoblanadi.
Kuvaytdagi muzokaralar chog'ida Sergeli tumaniga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va zamonaviy texnologiyalarni olib kelish, shuningdek, farmatsevtika bo'yicha ishlab chiqarishni yo'lga qo'yish hamda "Sergeli Mall" savdo majmuasi loyihasi amalga oshirish bo'yicha takliflar muhokama qilindi.
Investor Iyad Solih tibbiyot, logistika va infratuzilma sohalariga sarmoya kiritishga qiziqish bildirdi. Xususan, Iyad Solih tomonidan Sergeli tumanida joylashgan davlat tibbiyot muassasalarini zamonaviy tibbiyot anjomlari bilan jihozlash, dunyodagi so'nggi texnologiyalar asosida kasallikni erta aniqlash va tashxis qo'yish texnologiyalarini olib kirish bo'yicha rejalarini ma'lum qildi.
Muzokaralar natijasida Toshkent shahri Sergeli tumani hokimligi va "Gulf General Trading Co. Ltd." kompaniyasi o'rtasida zamonaviy tibbiy laboratoriya tashkil etish va reagentlar ishlab chiqaruvchi zavod loyihasini amalga oshirish bo'yicha o'zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.