O'zbekiston va Kuvayt o'rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik aloqalari yangi bosqichga ko'tariladi
O'zbekiston va Kuvayt o'rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik aloqalari yangi bosqichga ko'tariladi
AL-KUVAYT, 17-may. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Investitsiyalar, savdo va sanoat vazirining birinchi o'rinbosari Nozimjon Xolmurodov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiya amaliy tashrif bilan Kuvaytda bo'ldi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Tashrif davomida Kuvaytda O'zbekistonning investitsiyaviy, eksport va turistik salohiyatiga bag'ishlangan ko'rgazma va B2B formatidagi uchrashuvlar tashkil etildi.
O'zbekiston delegatsiyasi, shuningdek, Kuvayt vazirlik va idoralari rasmiylari hamda yirik kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashuvlar o'tkazildi.
Muzokaralar chog'ida energetika, qishloq xo'jaligi, transport, qurilish materiallari, metallurgiya va kimyo sanoati, turizm va infratuzilma sohalaridagi muhim loyihalar xorij tomoniga taqdim etildi.
Xususan, Kuvayt Savdo va sanoat vazirining birinchi o'rinbosari Ziyad An-Najim bilan kechgan muloqotda O'zbekiston va Kuvayt o'rtasidagi o'zaro savdo aylanmasi hajmi ikki davlat imkoniyatlariga mos kelmasligi ta'kidladi.
Tomonlar O'zbekiston va Kuvayt hukumatlari o'rtasida o'zaro savdo aylanmasi hajmini oshirish to'g'risidagi bitim loyihasini ishlab chiqish va imzolash hamda ikki davlat o'rtasidagi eksport va import tovarlari nomenklaturasini diversifikatsiya qilish bo'yicha bir to'xtamga keldilar.
Kuvayt savdo-sanoat palatasi bosh direktori Rabah ar-Rabah bilan bo'lib o'tgan uchrashuv davomida to'qimachilik, qishloq xo'jaligi, geologiya, sog'liqni-saqlash, turizm sohalarida O'zbekiston salohiyati va imkoniyatlari to'g'risida batafsil ma'lumot berildi.
Muzokaralar natijasida joriy yil sentyabr oyida Toshkent shahrida navbatdagi O'zbekiston-Kuvayt ishbilarmonlari o'rtasida biznes-forum va B2B uchrashuvlarini o'tkazishga kelishildi.
"Kuwait Investment Co." (KIC) kompaniyasi rahbari Yusuf al-Ali bilan muzokaralar chog'ida energetika, qishloq xo'jaligi, transport, qurilish materiallari, metallurgiya va kimyo sanoati, turizm va infratuzilma sohalaridagi loyihalarni amalga oshirish istiqbollari xususida fikr almashildi.
Tashrif davomida mamlakatimiz delegatsiyasi Kuvayt Sanoat bo'yicha bosh qo'mitasi direktori Muhammad al-Advani bilan ham uchrashuv o'tkazdi. Unda sanoat yo'nalishida o'zaro hamkorlik qilish va tajriba almashish, O'zbekiston va Kuvayt hukumatlari o'rtasida sanoat sohasida o'zaro hamkorlik bo'yicha anglashuv memorandumi loyihasini ishlab chiqish va imzolash masalalari ko'rib chiqildi.
Kuvayt Investitsiyalar bo'yicha bosh qo'mita ijrochi direktori G'anim al-G'animan O'zbekiston tomoni bilan turli qo'shma loyihalarni amalga oshirish bo'yicha hamkorlikni yo'lga qo'yishga tayyorligini ma'lum qildi.
Uning ta'kidlashicha, hozirgi kunda Kuvayt hukumati qishloq xo'jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi sohalariga katta ahamiyat bermoqda. Shu bois, Investitsiyalar qo'mitasi va sarmoya kompaniyalari O'zbekistonda qishloq xo'jaligi sohasidagi turli loyihalarni amalga oshirishga hissa qo'shishlari mumkin.
Uchrashuv yakunida O'zbekistonda amalga oshiriladigan loyihalar to'g'risida batafsil ma'lumotlarni taqdim etish hamda o'rganishlardan so'ng Kuvayt qo'mitasi mutaxassislaridan iborat ishchi guruhni O'zbekistonga yuborishga kelishib olindi.
O'zbekiston delegatsiyasi a'zolari, shuningdek, Kuvayt arab iqtisodiy taraqqiyoti jamg'armasi, "Kuwait Petrolium Corporation", "Al-Tijaria" xolding kompaniyasi, "Lulu Group International","Fouad Al-Ghanim and Sons Group of Companies", "Gulf Care Gen. Trad. Co." kompaniyalari rahbariyati bilan o'zaro hamkorlikni yo'lga qo'yish bo'yicha uchrashuvlar o'tkazdi.
Shu o'rinda ta'kidlash kerakki, O'zbekiston delegatsiyasining Kuvaytda olib borgan samarali muzokaralari natijasida mamlakatimizga xorijiy investitsiyalarni jalb etish bo'yicha bir qator muhim kelishuvlarga erishdi.