Kuvayt OAV O'zbekistonning investitsiyaviy, eksport va sayyohlik salohiyatiga bag'ishlangan ko'rgazma haqida yozmoqda
Kuvayt OAV O'zbekistonning investitsiyaviy, eksport va sayyohlik salohiyatiga bag'ishlangan ko'rgazma haqida yozmoqda
AL-KUVAYT, 17-may. /"Dunyo" AA/. Joriy yil 13-14-may kunlari Kuvaytda bo'lib o'tgan O'zbekistonning investitsiyaviy, eksport va turistik salohiyatiga bag'ishlangan ko'rgazma ushbu davlat ommaviy axborot vositalari tomonidan keng yoritildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Xususan, Kuvaytning ingliz tilida bosiladigan "Times Kuwait" gazetasida "O'zbekiston ko'rgazmasi ko'plab tashrif buyuruvchilarni jalb qilmoqda" sarlavhali maqola chop etildi. Shuningdek, ushbu materialda gazeta saytida ham joylashtirildi.
Unda ta’kidlanishicha, ko'rgazmaning ochilish marosimida O'zbekiston tomoni kuvaytlik investorlarni ushbu mamlakatdagi sarmoyaviy loyihalarga ishtirok etishga chaqirdilar. "O'zbekistonning investitsiya, eksport va sayyohlik imkoniyatlariga bag'ishlangan ko'rgazmada to'qimachilik mahsulotlari, farmatsevtika va qurilish materiallari kabi turli sohalardagi kompaniyalar, korxonalar va ishbilarmonlar ishtirok etdi. Ko'rgazma davomida O'zbekiston ishlab chiqarilgan zamonaviy konditsioner va sovutish tizimlari uchun mis quvurlar, mebel, maishiy texnika, parfyumeriya, bolalar o'yinchoqlari, neft-kimyo mahsulotlari namoyish etildi", — deb qayd etilgan nashrda.
"Times Kuwait" gazetasi O'zbekiston jahondagi muhim sayyohlik maskani ekanligini, Kuvayt va Ko'rfaz arab davlatlari fuqarolari uchun 10 kungacha bo'lgan muddatga vizasiz tartib joriy etilganini xabar qilgan.
Kuvaytning ommabop "Newsktv" telekanali "Jahon" dasturining "Bugungi tong" ko'rsatuvida mazkur ko'rgazmaga bag'ishlagan o'n daqiqali lavha efirga uzatildi.
Dasturda rivojlanayotgan bozorlar bo'yicha mutaxassis Solih Usmon O'zbekistonning iqtisodiy salohiyati va sayyohlik imkoniyatlari xususidagi fikrlarini bildirgan.
Solih Usmon O'zbekiston qadimiy tarixga ega ekanligini, qadimda Sharq va G'arbni bog'lagan Ipak yo'li O'zbekiston hududidan o'tganini, Samarqand, Buxoro va Xorazm kabi tarixiy shaharlar mavjudligini ta’kidlagan. "Amudaryo va Sirdaryo o'rtasidagi joylashgan bugungi O'zbekiston zaminida qadimda Movarounnahr davlati bo'lgan. Shuningdek, o'zbek zamini islom sivilizatsiyasiga ulkan hissa qo'shgan Imom al-Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy kabi buyuk ulamolarga beshik bo'lgan", — deydi u.
Telelavha davomida xorijiy investorlar huquqlarini himoya qiluvchi ko'plab qonun hujjatlari qabul qilinganligi bois O'zbekistonga jalb etilayotgan xorijiy investitsiyalar hajmi yildan yilga oshib borayotgani qayd etilgan.
"Markaziy Osiyo mintaqasida joylashgan salkam 40 million aholiga ega bo'lgan O'zbekistonda ta’lim va sog'liqni saqlash xizmatlari yoki qurilishga sarmoya kirish foydali hisoblanadi", — deyiladi dasturda.