Kuvayt OAV O'zbekiston salohiyatiga bag'ishlangan yirik ko'rgazma haqida
Kuvayt OAV O'zbekiston salohiyatiga bag'ishlangan yirik ko'rgazma haqida
AL-KUVAYT, 20-may. /"Dunyo" AA/. Kuvaytning ingliz tilida bosiladigan "Times Kuwait" gazetasida va "Q8 Press" elektron nashrida "O'zbekiston ko'rgazmasi ko'plab mehmonlarni jalb qildi" sarlavhali maqolalar e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Nashrlarda joriy yil 13-14-may kunlari Kuvaytda bo'lib o'tgan O'zbekistonning investitsiyaviy, eksport va turistik salohiyatiga bag'ishlangan ko'rgazma yakunlari qalamga olingan.
Ta'kidlanishicha, unda ishtirok etish uchun O'zbekistondan 90 ga yaqin kompaniya, zavod va korxonalar vakillari, oziq-ovqat va ichimliklar, to'qimachilik, farmatsevtika mahsulotlari, qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilari kelgan.
"Ko'rgazma davomida O'zbekistonda ishlab chiqarilgan zamonaviy konditsioner va sovutish tizimlari uchun mis quvurlar, mebel, maishiy texnika, parfyumeriya, bolalar o'yinchoqlari, neft-kimyo va boshqa mahsulotlar namoyish etildi", — deyiladi manbalarda.
Maqolalar yakunida 2023-yilda ushbu mamlakatga 15 million sayyohlar kelgani hamda O'zbekiston va Kuvayt o'rtasidagi savdo aylanmasi hajmi 11 million dollarni tashkil etgani qayd etilgan.