Kuvayt kompaniyasi O'zbekistondan bir tonna gilos sotib oladi
Kuvayt kompaniyasi O'zbekistondan bir tonna gilos sotib oladi
AL-KUVAYT, 29-may. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Ayubxon Yunusov Kuvaytning "Star Fruit Co. for foodstuffs, vegetables and fruits" kompaniyasi bosh direktori Abdurahmon Surur bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Мuloqot chog'ida joriy yil 13-14-may kunlari Kuvaytda o'tkazilgan "Made in Uzbekistan" ko'rgazmasida erishilgan kelishuvlarni hayotga joriy etish masalalari xususida fikr almashildi.
Kuvayt tomoniga yana bir bor o'zbek mahsulotlarining eksporti uchun taqdim etilgan imtiyozlar, xorijiy importyorlar uchun yaratilgan qulayliklar haqidagi batafsil ma'lumot berildi.
Abdurahmon Surur O'zbekistonda yetishtirilgan meva-sabzavotlar o'ziga xos ta'mi bilan xaridorgir ekanligini aytish barobarida, mamlakatimizdan gilos va shaftoli eksport qilishga tayyorligini ma'lum qildi.
Muzokaralar natijasida, O'zbekistonning "S-Agro Termiz orchards" kompaniyasi va Kuvaytning "Star Fruit Co." kompaniyasi o'rtasida hamkorlik o'rnatildi. Shuningdek, Kuvayt tomoni bilan O'zbekistondan bir tonna gilos va shaftoli sotib olish bo'yicha kelishuvga erishildi.
Diplomatlar, shuningdek, "Star Fruit Co." kompaniyasining omborxonasida bo'ldilar va u yerda ho'l meva hamda sabzavotlarni saqlash uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdilar.