Yangi O'zbekistonda tasviriy va amaliy san'atni qo'llab-quvvatlash bo'yicha vazifalar Kuvayt OAV nigohida
Yangi O'zbekistonda tasviriy va amaliy san'atni qo'llab-quvvatlash bo'yicha vazifalar Kuvayt OAV nigohida
AL-KUVAYT, 5-iyun. /"Dunyo" AA/. Kuvaytning "Q8 Press" elektron nashrida "Yangi O'zbekistonda tasviriy va amaliy san'at" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Nashr muqaddimasida Uchinchi Renessansni o'z oldiga katta maqsad qilib qo'ygan Yangi O'zbekistonda milliy tasviriy va amaliy san'atni rivojlantirish masalasiga mamlakat taraqqiyotining ajralmas qismi sifatida qaralmoqda, deya ta'kidlangan. Davlat rahbari va hukumatning tasviriy va amaliy san'at sohasiga bunday e'tibori natijasida xalqaro jamoatchilikka yurtimizning milliy badiiy boyliklarini mavjud rang-barangligi bilan ko'rsatishga keng imkoniyat beradigan o'ziga xos tizim shakllandi.
"O'zbekistonda so'nggi uch yilda o'zbek xalqining buyuk ajdodlari xotirasini abadiylashtirish maqsadida 36 ta haykal, 38 ta byust, 5 ta barelyef, 17 ta monumental yodgorlik va boshqa asarlar yaratildi. Shuningdek, bir guruh fidoyi ijodkorlar samarali faoliyati uchun davlat rahbari tomonidan faxriy unvon va mukofotlar bilan taqdirlandi", – qayd etgan elektron nashr.
Mamlakat rassomlari va amaliy san'at ustalarining xalqaro anjuman va ko'rgazmalar, festival va tanlovlarda ishtiroki sezilarli darajada faollashdi. Iste'dodli rassomlar va xalq ustalari ijodini targ'ib etish maqsadida tasviriy va amaliy san'at hamda dizayn sohasida respublika miqyosida 520 ta, xalqaro darajada 22 ta ko'rgazma, 2 ta xalqaro haykaltaroshlik simpoziumi va plenerlar tashkil etildi.
"Sohaga e'tibor natijasida O'zbekiston Badiiy akademiyasining xalqaro miqyosdagi nufuzi ortmoqda, – deyiladi materialda. – Keyingi yillarda Koreya Respublikasining Kemyong universiteti prezidenti Sin Il Xi, Ozarbayjon Milliy san'at muzeyi direktori Chingiz Farzaliyev, Qozog'iston Badiiy akademiyasi jamoat fondi prezidenti, taniqli qozoq rassomi Amandos Akanayev, Ozarbayjon xalq rassomi Sakit Mamedov O'zbekiston Badiiy akademiyasining faxriy xorijiy a'zoligiga qabul qilindi".
Ta'kidlanganidek, 2023-yildan boshlab, O'zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY bilan hamkorlikda Toshkentda turkiy davlatlar rassomlarining ko'rgazmasini o'tkazish an'anaga aylandi.
Maqola yakunida "O'zbekiston Prezidentining tashabbusi bilan endilikda tasviriy va amaliy san'at sohasini rivojlantirish bo'yicha dastur qabul qilinadi. Bu kabi sa'y-harakatlar Yangi O'zbekistonda tasviriy va amaliy san'at sohasini qo'llab-quvvatlashga oid davlat siyosatining amaldagi ifodasidir", – deb yozgan "Q8 Press"