"Q8 Press": O'zbekiston — Markaziy Osiyoning durdonasi
"Q8 Press": O'zbekiston — Markaziy Osiyoning durdonasi
AL-KUVAYT, 13-iyun. /"Dunyo" AA/. Kuvaytning ommabop "Q8 Press" elektron nashrida "Markaziy Osiyo durdonasi — O'zbekistonga sayohat qiling" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Maqolada ta'kidlanishicha, O'zbekiston o'zining qadimiy tarixi, boy madaniyati va muhtasham obidalari bilan Markaziy Osiyoning durdonasi hisoblanadi. "Bu mamlakat qadimiy Ipak yo'li bo'ylab joylashgan bo'lib, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlari bilan mashhur. Agar siz haqiqiy tarix va go'zallikni o'zida mujassam etgan sayyohlik maskanini izlayotgan bo'lsangiz, albatta O'zbekiston eng zo'r tanlovdir", – deb yozgan manba.
Samarqand dunyodagi eng qadimiy shaharlardan biri bo'lib, u madaniy va me'moriy merosga juda boy. Qadimda Samarqand Ipak yo'lidagi muhim savdo va madaniy markaz bo'lgan. Shahardagi Registon maydoni Markaziy Osiyodagi eng yirik arxeologik yodgorliklardan biri bo'lib, u 15-17-asrlarga oid uchta ajoyib madrasalarni birlashtirgan ajoyib majmuadir.
Maqolada, shuningdek, Buxoro va Xivadagi ko'plab tarixiy obidalar va muqaddas qadamjolar va milliy o'zbek hunarmandchiligi, taomlari haqidagi muhim ma'lumotlar o'quvchilar e'tiboriga havola etilgan.
"O'zbekiston boy tarix, rang-barang madaniyat va maftunkor tabiatning o'ziga xos uyg'unligini ifodalaydi. Uning tarixiy shaharlarini ziyorat qilish, uning betakror madaniyati bilan muloqot qilish orqali siz noyob taassurotlarga to'la sayohatdan bahramand bo'lishingiz mumkin", – deb ta'kidlagan elektron nashr.