O'zbekiston elchisi Quvayt Investitsiya kompaniyalari uyushmasi boshqaruv kengashi raisi bilan muloqat o'tkazdi
O'zbekiston elchisi Quvayt Investitsiya kompaniyalari uyushmasi boshqaruv kengashi raisi bilan muloqat o'tkazdi
AL-KUVAYT, 17-iyun. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Ayubxon Yunucov Kuvayt Investitsiya kompaniyalari uyushmasi boshqaruv kengashi raisi, "AlSafat Investment Co" kompaniyasi rahbari Abdulla Hamad at-Tarkit bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Muloqot chog'ida O'zbekiston va Kuvayt o'rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlikni kuchaytirish, mamlakatimizga xorijiy sarmoyalarni jalb etish va boshqalar muhokama qilindi.
Kuvayt tomoni O'zbekistonda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar, iqtisodiyotni liberallashtirish, xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay muhit bilan tanishtirildi. Shuningdek, O'zbekistonda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan loyihalar haqida ma'lumot berildi.
Abdulla Hamad at-Tarkit so'nggi yillarda O'zbekistonning iqtisodiy o'sish sur'ati jadal oshib borayotganini va respublikaga investitsiya kiritishga qiziqish ortayotganini alohida ta'kidladi. U O'zbekiston va Kuvayt o'rtasida o'zaro investitsiyaviy hamkorlikni yanada jadallashtirish bo'yicha ko'makka tayyorligini bildirdi.
Muzokaralar natijasida tomonlar O'zbekistonning tegishli vazirlik va idoralari hamda Kuvayt Investitsiya kompaniyalari uyushmasi vakillari o'rtasida onlayn uchrashuv tashkil etish, Uyushmaga a'zo kuvaytlik investorlar guruhining mamlakatimizga tashrifini amalga oshirish to'g'risida kelishib oldilar.