Kuvayt kompaniyalari vakillari Surxondaryo viloyatining savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va sayyohlik imkoniyatlari bilan tanishdi
Kuvayt kompaniyalari vakillari Surxondaryo viloyatining savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va sayyohlik imkoniyatlari bilan tanishdi
AL-KUVAYT, 1-iyul. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixona tashabbusi bilan Surxondaryo viloyati hokimi Ulug'bek Qosimov boshchiligidagi tuman va shahar hokimliklari mutasaddilari hamda tadbirkorlari va Kuvayt importyor kompaniyalari vakillari o'rtasida onlayn uchrashuv tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Unda Surxondaryo viloyatida yetishtirilayotgan va ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning Kuvaytga eksportini yo'lga qo'yish, turizm yo'nalishida birgalikda ishlash masalalari muhokama qilindi.
Viloyat hokimi Ulug'bek Qosimov Surxondaryo viloyatida turli soha va tarmoqlarda amalga oshirilayotgan yangilanishlar haqida so'zlab berdi. Hozirgi kunda viloyatda 47 ta sanoat zonasi faoliyat yuritayotgani, xorijiy davlatlar bilan tashqi savdoni yanada rivojlantirish maqsadida Afg'oniston bilan chegaradosh hududda "Ayritom" erkin savdo zonasi tashkil etilgani, hududda 715 ta xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxonalar ishlayotgani aytib o'tildi.
Viloyatda yiliga 2,5 million tonnadan ortiq meva-sabzavot yetishtirilishini inobatga olib, 200 ming tonnadan ortiq meva-sabzavotni eksport qilish imkoniyati mavjudligi ta'kidlandi.
Bundan tashqari, meva-sabzavot yetishtirish, saralash va qadoqlash bo'yicha agrologistika markazlarini tashkil etish, zamonaviy issiqxona xo'jaliklarini barpo etish, kalava iplardan gazlama ishlab chiqarish bo'yicha loyihalarni amalga oshirish taklif etildi.
O'z navbatida, Kuvayt kompaniyalari vakillari O'zbekistondan quruq va ho'l mevalar, sabzavot va boshqa mahsulotlar eksportini yo'lga qo'yish bo'yicha katta imkoniyatlar mavjudligini ta'kidladilar. Mazkur yo'nalishda Kuvayt kompaniyalari Surxondaryo eksportyorlari bilan o'zaro hamkorlik qilayotgani ma'lum qilindi.
O'tkazilgan onlayn muzokaralar yakunida, Surxondaryo viloyatidagi va Kuvaytdagi turistik kompaniyalar o'rtasida sheriklik aloqalarini o'rnatishga ko'maklashish, Surxondaryo viloyati eksportyor kompaniyalari va Kuvayt importyor kompaniyalari o'rtasida hamkorlik o'rnatish yuzasidan kelishib olindi.