Kuvaytda O'zbekistonning sayyohlik imkoniyatlariga bag'ishlangan taqdimot tadbiri bo'lib o'tdi
Kuvaytda O'zbekistonning sayyohlik imkoniyatlariga bag'ishlangan taqdimot tadbiri bo'lib o'tdi
AL-KUVAYT, 2-iyul. "Dunyo" AA/. Mamlakatimiz elchixonasi tomonidan Kuvaytning "Sheraa General Trading and Contracting Co." kompaniyasi bilan birgalikda O'zbekistonning turistik imkoniyatlariga bag'ishlangan taqdimot tadbiri tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Unda Kuvayt vazirlik va idoralari mutasaddilari, yirik investorlar, sayyohlik sohasi vakillari va tadbirkorlar ishtirok etdi.
Yig'ilganlarga O'zbekistonda turizm yo'nalishini rivojlantirish bo'yicha amalga oshirilayotgan keng ko'lamli ishlar haqida batafsil so'zlab berildi. Xususan, O'zbekistonda yaratilgan zamonaviy sayyohlik infratuzilmasi, qurilayotgan mehmonxonalar, yangi turistik yo'nalishlar va sifatli xizmat ko'rsatish turlari qayd etildi.
Mamlakatimiz hududida 7 mingdan ortiq tarixiy obidalar mavjudligi, ularning aksariyati YUNESKOning Umumjahon merosi ro'yxatiga kiritilgani ta'kidlandi.
Samarqand, Xiva, Buxoro va Toshkent kabi tarixiy shaharlarimizdagi qadimiy obidalar, yurtimiz tabiatining go'zalligi va rang-barangligi, O'zbekiston xalqining ko'p asrlik hunarmandchilik an'analari, urf-odatlari va bayramlari ko'plab xorijiy sayyohlarni jalb qilishda muhim omil bo'layotgani aytib o'tildi.
Kuvayt fuqarolari O'zbekistonda 10 kun davomida vizasiz bo'lishlari mumkinligi va "Jazeera" aviakompaniyasining Toshkent, Samarqand va Namangan shaharlariga reyslari yo'lga qo'yilgani ma'lum qilindi.
"Sheraa General Trading and Contracting Co." rahbari Da'ij al-Xalaf ash-Shammari o'z nutqida, O'zbekiston qadimiy Ipak yo'lining durdonasi va jadal rivojlanayotgan sayyohlik yo'nalishlaridan biri sifatida Kuvaytdagi sayyohlar uchun juda ko'p narsalarni taklif eta olishini bildirdi. "O'zbekistonning asosiy sayyohlik yo'nalishlari sifatida Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva va Jizzax shaharlarini e'tirof etaman. Fursatdan foydalanib, Kuvayt tomonini o'zbek sheriklarimiz bilan faol hamkorlikka va barcha vatandoshlarimizni O'zbekistonga sayohat qilishga chaqiraman", dedi u.