"Al-Jarida" gazetasi: Yangi O'zbekiston taraqqiyot strategiyasi xalq tomonidan yozilgan tarixiy hujjat
"Al-Jarida" gazetasi: Yangi O'zbekiston taraqqiyot strategiyasi xalq tomonidan yozilgan tarixiy hujjat
AL-KUVAYT, 9-iyul. /"Dunyo" AA/. Kuvaytning ommabop "Al-Jarida" gazetasida "O'zbekiston... Taraqqiyot strategiyasi va xalq tomonidan yozilgan tarixiy hujjat" sarlavhali maqola chop etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
"2022-2026-yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekiston taraqqiyot strategiyasining qabul qilinishi tarixiy voqea bo'lib, u o'tgan yillar davomida erishilgan harakatlar strategiyasining mantiqiy davomidir", – deyilgan nashr muqaddimasida.
Ta'kidlanishicha, O'zbekistonda o'tgan yillar mobaynida amalga oshirilgan barcha chora-tadbirlardan maqsad aholi bilan muloqotni yo'lga qo'yishga qaratilgan edi. Taraqqiyot strategiyasini ishlab chiqishda mavjud muammolar inobatga olinib, yechimini kutayotgan dolzarb vazifalar unda o'z ifodasini topdi.
"Ushbu hujjatni tayyorlashda mamlakat fuqarolari faol ishtirok etdi. Binobarin, bu tarixiy hujjatni xalq yozgan desak mubolag'a bo'lmaydi. Shu ma'noda birinchi yo'nalish "Shaxs manfaatlarini ta'minlash orqali xalq davlatini barpo etish va uzluksiz erkin fuqarolik jamiyatini rivojlantirish", – deya nomlandi", deb yozgan muallif.
Materialda, shuningdek, 2022-2026-yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekiston taraqqiyot strategiyasining 12 ta maqsadi haqidagi muhim ma'lumotlar mushtariylar e'tiboriga taqdim etilgan.
Maqolaning yakunida "Taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalar BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan hamohang tarzda muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda", – deb ta'kidlagan.