Kuvaytning ommabop "Q8 Press" elektron nashri o'z o'quvchilarini o'zbek milliy taomlari bilan tanishtirdi
Kuvaytning ommabop "Q8 Press" elektron nashri o'z o'quvchilarini o'zbek milliy taomlari bilan tanishtirdi
AL-KUVAYT, 19-iyul. /"Dunyo" AA/. Kuvaytning ommabop "Q8 Press" elektron nashrida o'zbek milliy taomlariga bag'ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
"Markaziy Osiyo mintaqasining qoq markazida joylashgan O'zbekiston qadimiy tarix, boy madaniyat va maftunkor tabiatni o'zida mujassam etgan dunyodagi kam sonli davlatlardan biridir, – deyilgan material muqaddimasida. – Ushbu serquyosh mamlakatni chinakamiga ajratib turadigan yana bir jihat – bu uning taomlari va xalqining mehmondo'stligidir".
Milliy o'zbek taomlari Sharq va G'arb lazzatlarini uyg'unlashtirib, unutilmas tamni taqdim etadi, samimiy mehmondo'stlik esa o'zbek madaniy merosining ajralmas qismidir.
Nashrda qayd etilishicha, o'zbek oshxonasi o'zining rang-barangligi va o'ziga xos ta’mi bilan ajralib turadi. Bu mamlakat tarixini savdo va madaniyatlar chorrahasi sifatida aks ettiradi. Eng mashhur o'zbek an’anaviy taomi — bu palovdir. Palov oilaviy tantanalar va milliy bayramlarda tayyorlanadi.
Kuvayt elektron nashri, shuningdek, non, kabob, somsa, manti va boshqa taomlarimiz haqidagi ma’lumotlar hamda ularni tayyorlash usullari haqidagi ma’lumotlarni o'quvchilar e’tiboriga taqdim qilgan.
Maqola yakunida "O'zbekiston milliy taomlari va o'zbek xalqining samimiy mehmondo'stligi ushbu ajoyib mamlakatning o'ziga xosligini ifodalaydi", – deb ta’kidlangan.