"Times Kuwait" gazetasi: O'zbekistonning yangi saylov qonunchiligi siyosiy partiyalardan nomzodlarning kamida 40 foizini ayollar bo'lishini talab qiladi
"Times Kuwait" gazetasi: O'zbekistonning yangi saylov qonunchiligi siyosiy partiyalardan nomzodlarning kamida 40 foizini ayollar bo'lishini talab qiladi
AL-KUVAYT, 5-avgust. /"Dunyo" AA/. Kuvaytning "Times Kuwait" gazetasida "O'zbekiston kuchli demokratiya yo'lida saylov texnologiyalaridan foydalanadi" sarlavhali maqola ingliz tilida e'lon qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Unda qayd etilishicha, kelayotgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlariga saylovlar joriy yilning 27-oktabr kuniga belgilangan bo'lib, ular oddiy bir tadbir emas. Ular millatning demokratik yo'lidagi muhim bir bosqichni ifodalaydi, saylov muhitini o'zgartirishni va'da qiladigan yangi o'zgarishlarni kiritadi.
"O'zbekistonning saylov tizimidagi eng e'tiborli yutuqlardan biri saylov komissiyasi faoliyatining to'liq raqamlashtirilishi hisoblanadi, – deyiladi maqolada. – "E-Saylov" axborot tizimining joriy etilishi oldinga katta siljish bo'lib, saylov jarayonini zamonaviylashtirishga xizmat qiladi. Bu raqamli platforma nafaqat jarayonni soddalashtiradi, byurokratiya va qog'ozbozlikni kamaytiradi, balki saylov jarayonini yanada yaqin, samarali va shaffof qiladi".
Ma'lum qilinganidek, inklyuzivlik ushbu saylovlarning yana bir asosiy ustuni hisoblanadi. Yangi saylov qonunchiligi siyosiy partiyalardan nomzodlarining kamida 40 foizini ayollar bo'lishini talab qiladi, bu siyosiy vakillikda gender tengligiga qaratilgan ilg'or qadam hisoblanadi. Ushbu talab nafaqat ilg'or demokratik standartlarga mos keladi, balki turli nuqtai nazarlar orqali siyosiy munozarani boyitadi.
"Mening tanlovim — obod Vatanim" shiori nafaqat ushbu saylovlarning ruhini aks ettiradi, balki O'zbekiston rahbariyatining demokratik davlat qurilishi va fuqarolarning imkoniyatlarini kengaytirishga bo'lgan mustahkam sadoqatini ham namoyon etadi. 120 ming dan ortiq saylov komissiyasi a'zolari, 70 ming fuqaro va ko'plab xalqaro kuzatuvchilar ishtirok etar ekan, saylovlar shaffof va inklyuziv jarayon bo'lib, ushbu sadoqatni yana bir bor tasdiqlaydi" – deyiladi "Times Kuwait" tarqatgan maqolada.