O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvidagi nutqi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Maslahat uchrashuvidagi nutqi
Qadrli hamkasblar!
Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti hurmatli Qasim-Jomart Kemelevich Toqayevga an’anaviy do‘stona qabul va sammit yuksak darajada tashkil etilgani uchun bildirilgan samimiy minnatdorlik so‘zlariga qo‘shilaman.
Hurmatli Qasim-Jomart Kemelevich, sizning mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash va mamlakatlarimizning umumiy manfaatlarini ilgari surish yo‘lidagi faol sa’y-harakatlaringizni alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman.
Sizning tashrifimiz arafasida e’lon qilingan “Markaziy Osiyo Renessansi: barqaror taraqqiyot va farovonlik sari” dasturiy maqolangizda birgalikda olib borayotgan ishlarimiz va yangi bosqichda mintaqaviy kooperatsiya istiqbollarini chuqur tahlil qilib bergansiz.
Olti yil oldin aynan shu yerda, Ostonada biz birinchi Maslahat uchrashuvini o‘tkazgan edik.
O‘tgan davr mobaynida barcha mamlakatlarimizda, hech mubolag‘asiz, tarixiy uchrashuvlar – sammitlar bo‘lib o‘tdi. Ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik solnomasida yangi sahifa ochdik.
Ochiq va samarali muloqotlarimiz, ilgari surilgan muhim tashabbuslar, ishga tushirilgan ko‘p tomonlama loyihalar va dasturlar, amalga oshirilgan ko‘plab qo‘shma tadbirlar va shu kabi boshqa harakatlarimiz mintaqa qiyofasini va imijini tubdan o‘zgartirdi.
Biz samarali hamkorlik qilib, muhim masalalarni hal qila boshladik. O‘zaro savdo, investitsiya, yuk tashish, fuqarolarning tashriflari hajmi bir necha barobar ko‘paydi.
Tashqi sheriklarimiz tomonidan amaliy qiziqish sezilarli darajada ortdi. Yuqorida aytilganidek, “Markaziy Osiyo plyus” formatidagi turli uchrashuvlar shundan dalolat beradi.
Bugun biz umummintaqaviy o‘ziga xoslikni shakllantirish jarayoni boshlangani haqida ishonch bilan aytishimiz mumkin.
Fursatdan foydalanib, barcha hamkasblarimga birdamlik va hamjihatlikni mustahkamlash, mamlakatlarimiz tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida mintaqadagi ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish yo‘lidagi umumiy sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlaganliklari uchun minnatdorlik bildiraman.
Men bugun mintaqaviy o‘zaro hamkorlik mexanizmlari va institutlarini ishga tushirish, jumladan, milliy koordinatorlar, tarmoq vazirliklari va idoralari vakillari uchrashuvlari bo‘yicha bildirilgan takliflarni qo‘llab-quvvatlayman.
Hozirgi bosqichda biz qabul qilgan qarorlarni amalga oshirish va qo‘shma loyihalarni ilgari surish uchun samarali vositalar kerak, deb hisoblayman.
Umuman olganda, mintaqaviy integratsiyani chuqurlashtirish va uzoq muddatli sheriklik kun tartibini boyitish uchun Maslahat uchrashuvi formatini yanada takomillashtirish masalalarini birgalikda ko‘rib chiqish vaqti keldi, deb hisoblayman.
Shu maqsadda biz mintaqa mamlakatlari yetakchi tahlil markazlari va ilmiy-tadqiqot institutlarining Markaziy Osiyo ekspert forumining navbatdagi yig‘ilishini O‘zbekistonda o‘tkazishni taklif qilamiz. Ularning konseptual tavsiyalari va takliflarini keyingi sammitimiz davomida birgalikda ko‘rib chiqishimiz mumkin.
Hurmatli uchrashuv ishtirokchilari!
Markaziy Osiyo o‘zining geosiyosiy joylashuvi tufayli global ishonch inqirozi va mojarolar keskinlashuvining barcha salbiy oqibatlarini to‘liq boshdan kechirmoqda.
Ukraina atrofida va Yaqin Sharqda sodir bo‘layotgan voqealar mintaqaning barqaror rivojlanishiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatmoqda. An’anaviy savdo va transport zanjirlari buzildi. Biz sanksiyalar siyosatining asiriga aylandik, logistika xarajatlari sezilarli darajada oshdi, inflyatsiya bosimi kuchaymoqda. Jahon kapital bozorida imkoniyatlar qisqarmoqda, proteksionizm kuchayib, yangi-yangi to‘siqlar paydo bo‘lmoqda.
Mintaqamiz barqarorligining muhim omili hisoblangan qo‘shni Afg‘onistondagi vaziyatning rivojlanishi bilan bog‘liq masalalar xalqaro kun tartibida ikkinchi darajaga tushib qoldi.
Shuni ta’kidlab o‘tmoqchimanki, Markaziy Osiyoning buguni va kelajagi, mamlakatlarimiz va xalqlarimiz farovonligi ko‘p jihatdan umumiy sa’y-harakatlarimizga, yaqindan hamkorlik qilish, qat’iy choralar ko‘rish va mintaqa manfaatlarini birgalikda ilgari surishga tayyorligimizga bog‘liq.
Tashqi siyosat idoralarimiz tomonidan strategik hujjat – Mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash konsepsiyasini ishlab chiqish maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.
Qadrli hamkasblar!
Amaliy mintaqaviy hamkorlikning, bizning nuqtai nazardan, ustuvor hisoblangan yo‘nalishlariga qisqacha to‘xtalib o‘tmoqchiman.
Birinchi. Bizga yangi drayverlar, uzoq muddatli istiqbolda iqtisodiy sheriklikni rivojlantirishning yangi modeli kerak.
Mamlakatlarimiz tabiiy savdo sheriklari bo‘lib, milliy iqtisodiyotlarimiz bir-birini to‘ldiradi.
Shu bilan birga, tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, bugungi kunda mamlakatlarimiz umumiy tovar aylanmasida ichki mintaqaviy savdoning ulushi sezilarli darajada emas. Markaziy Osiyoda to‘laqonli erkin savdo hududini shakllantirish yo‘lida hamon to‘siqlar saqlanib qolmoqda.
Biz xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda tahlil o‘tkazdik va kelgusi besh yilda o‘zaro savdo hajmini ikki barobar oshirishni ta’minlaydigan birinchi navbatdagi chora-tadbirlarni belgilab oldik. Bu besh yuzdan ortiq pozitsiyadagi tovarlardir.
Bu o‘rinda avvalo tarif va notarif to‘siqlarni bartaraf etish, muvofiqlik sertifikatlarini o‘zaro tan olish va reglamentlarni unifikatsiya qilish, bojxona operatsiyalari va fitosanitariya tartib-taomillarini raqamlashtirish, davlat xaridlari jarayonida o‘zaro ishtirok etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish kabi chora-tadbirlar haqida gap bormoqda.
Yagona mintaqaviy bozorni shakllantirish bizning uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan strategik maqsadimiz bo‘lishi kerak.
Ushbu masalalarning barchasini ko‘rib chiqish uchun mamlakatlarimiz Bosh vazirlari o‘rinbosarlari darajasida Iqtisodiy kengash – muntazam ravishda uchrashuvlarni yo‘lga qo‘yishni taklif qilamiz.
Biz shunday birinchi uchrashuvni kelgusi yili Toshkent shahrida tashkil qilishga va uning doirasida Hududlar forumi va tarmoq konferensiyalari, sanoat salohiyati ko‘rgazma-yarmarkasi, eksport imkoniyatlari taqdimotlarini tashkil etgan holda Markaziy Osiyo biznes hamkorligi haftaligini o‘tkazishga tayyormiz.
Ikkinchi. Sanoat kooperatsiyasini o‘zaro qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish.
Biz mintaqadagi har bir mamlakat bilan allaqachon bunday hamkorlik bo‘yicha muvaffaqiyatli namunalarga egamiz. Chegaraoldi hamkorlikka doir maxsus hududlar, zamonaviy avtomobillar, maishiy elektronika, farmatsevtika preparatlari ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi va to‘qimachilik klasterlari, logistika markazlari va infratuzilma loyihalari shular jumlasidandir.
Biz kuchlarimizni birlashtirib, qisqa qo‘shilgan qiymat zanjirlarini yaratish, yetakchi xalqaro kompaniyalardan investitsiya va texnologiyalarni jalb qilish, kooperatsiyaning yangi shakllarini joriy etish orqali mintaqani sanoatlashtirishning yagona xaritasini shakllantirishga erisha olamiz, deb hisoblayman.
Ushbu ustuvor yo‘nalish bo‘yicha vazirlar darajasida Kengash faoliyatini yo‘lga qo‘yish va dasturiy hujjat tayyorlash muhim ahamiyatga ega.
Shuningdek, Markaziy Osiyo investitsiya kengashini ta’sis etish, mintaqa mamlakatlari Innovatsion rivojlanish bankini tashkil etish, qo‘shma investitsiya forumlarini muntazam o‘tkazib borish ham istiqbolli masalalar hisoblanadi.
Ta’kidlab aytaman, barcha Markaziy Osiyo davlatlarining investitsiyaviy jozibadorligi ushbu yo‘nalishdagi ishlarning muvofiqlashtirilgan holda olib borilishiga bog‘liq.
Uchinchi. Jahon banki xulosasiga ko‘ra, mamlakatlarimiz hali ham dunyodagi iqtisodiyoti eng kam “birlashgan” mamlakatlar qatorida qolmoqda.
Gap ichki mintaqaviy transport-kommunikatsiya tarmog‘i haqida bormoqda.
Bundan tashqari, mintaqa geografiyasining o‘ziga xosligi tufayli tashqi savdo yuklarini tashish xarajatlari ulushi tovar yakuniy qiymatining 50 foiziga yetmoqda. Bu jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 4-5 barobar yuqori.
Men samarali transport yo‘laklarini rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni qabul qilishni qo‘llab-quvvatlaganliklari uchun hamkasblarimdan minnatdorman.
Bugun kun tartibida Yevropa Ittifoqi, Xitoy, Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyo hamda Yaqin Sharq bozorlariga chiqishni ta’minlovchi ko‘plab loyihalar mavjud.
Kelishilgan tarif siyosatini shakllantirish va amalga oshirish, milliy tashuvchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha imtiyoz va preferensiyalarni qo‘llash, transport tarmoqlari va infratuzilmasini modernizatsiya qilish, chegara punktlarining o‘tkazish qobiliyatini oshirish, transport sektorini raqamlashtirish masalalari tizimli yondashuvni talab qiladi.
Fursatdan foydalanib, Transport va tranzit to‘g‘risidagi bitimni qabul qilish bo‘yicha taklifimizni qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun minnatdorlik bildiraman. Uning qoidalarini amalga oshirish maqsadida transport vazirliklari, tashuvchilar va ekspeditorlar, logistika kompaniyalari va mutaxassislar ishtirokida Ekspertlik konferensiyasini o‘tkazishni taklif qilamiz.
To‘rtinchi. Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash sohasida ishlarni muvofiqlashtirilgan holda amalga oshirish lozim.
BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining milliy ekspertlari va mutaxassislari ta’kidlashicha, biz nafaqat asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bo‘yicha ichki mintaqaviy ehtiyojlarni ta’minlashimiz, balki xalqaro bozorda mustahkam o‘rinlarni egallashimiz mumkin.
Agrar ishlab chiqarishning innovatsion usullari, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, hosildorlikni oshirish, chuqur qayta ishlashni rivojlantirish, seleksiya sohasida ilmiy ishlarni kuchaytirish, klasterlar va “aqlli fermalar”ni yaratish muhimdir.
Toshkent shahrida sentyabr oyida BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti bilan hamkorlikda dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan mamlakatlarning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha xalqaro forum tashkil etish niyatidamiz. Forum doirasida Mintaqaviy strategiya ishlab chiqish uchun qishloq xo‘jaligi vazirlarining alohida uchrashuvini o‘tkazishni taklif qilamiz.
Beshinchi. Global iqlim o‘zgarishi oqibatlari mamlakatlarimizning har birida sezilmoqda. Harorat ko‘tarilishi, muzliklar erishi, toshqinlar, qurg‘oqchiliklar, chang bo‘ronlari va boshqa ko‘plab tabiat hodisalari jiddiy talafotlar yetkazishda davom etmoqda.
Joriy yilning noyabr oyida Ozarbayjonda bo‘lib o‘tadigan Iqlim sammiti davomida mamlakatlarimiz yagona pozitsiya bilan chiqishlari mumkin.
Bu o‘rinda so‘z xalqaro jamoatchilik, fondlar va donorlik tashkilotlari e’tiborini ushbu o‘tkir muammolar, jumladan, Orol fojiasiga yechim topishga qaratish maqsadida mintaqadagi ekologik vaziyat haqida qo‘shma taqdimot o‘tkazish haqida ketmoqda.
Bizning yangi takliflarimiz qatorida Markaziy Osiyoni barqaror rivojlantirish kompleks dasturi, Transchegaraviy daryolarning suv resurslaridan oqilona foydalanishning mintaqaviy strategiyasini ishlab chiqish va qabul qilish masalalari ham bor.
Oltinchi. Energetika sektoridagi hamkorlik ayniqsa dolzarbdir.
Bugungi kunda mintaqaviy ko‘lamda elektr energiyasi generatsiyasini oshirish va uni uchinchi mamlakatlarga eksport qilish bo‘yicha qator strategik loyihalar ishlab chiqilmoqda. Bundan tashqari, atom energetikasini rivojlantirish, uglevodorodlarni yetkazishni oshirish bo‘yicha rejalar mavjud.
Bu energetika vazirlarining doimiy uchrashuvlari doirasida muvofiqlashtirilgan ishlarni olib borish uchun muhim yo‘nalishlardan biri, deb hisoblayman.
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Biz mamlakatlarimiz parlamentlari o‘rtasida o‘zaro samarali almashuvlarni rivojlantirishni yuqori baholaymiz va har tomonlama qo‘llab-quvvatlaymiz.
Kelgusi oyda ko‘hna Xiva shahrida mintaqa mamlakatlarining navbatdagi Parlamentlararo forumini o‘tkazishni rejalashtirganmiz.
Madaniy-tarixiy merosning umumiyligini hisobga olgan holda, xalqlarimizning mintaqa kelajagi uchun daxldorligi, birdamligi, umumiy mas’uliyatni anglashini kuchaytirishga katta e’tibor berishimiz lozim.
O‘ylaymanki, “Markaziy Osiyo tarixi va madaniyati: yagona o‘tmish va umumiy kelajak” xalqaro media platformasining tezroq ishga tushirilishi ushbu yo‘nalishda muhim amaliy qadam bo‘ladi.
Mintaqa xalqlarining o‘zaro bir-birini tushunishi va birdamligini yanada mustahkamlash maqsadida mintaqaviy o‘ziga xoslikni shakllantirishning amaliy jihatlariga bag‘ishlangan ilmiy forum o‘tkazishni taklif qilamiz.
“Markaziy Osiyo yoshlar kun tartibi – 2030”ni ilgari surish va yosh avlodni hamkorlik dasturlariga jalb qilish uchun doimiy ravishda Innovatsion g‘oyalar va loyihalar mintaqaviy yoshlar tanlovini o‘tkazishni taklif qilamiz.
Markaziy Osiyo ta’lim va akademik almashuv dasturini qabul qilish va mamlakatlarimizdagi yetakchi oliy o‘quv yurtlarining diplomlarini o‘zaro tan olish to‘g‘risidagi bitimni ishlab chiqishni muhim deb hisoblaymiz.
Shuningdek, mintaqa davlatlarining iqtidorli talabalari o‘qishi uchun o‘zaro kelishuvlar asosida stipendiyalar ajratishni taklif qilamiz.
Ushbu loyihalarni batafsil muhokama qilish uchun Toshkent shahrida oktyabr oyida Markaziy Osiyo birinchi ta’lim forumini o‘tkazish niyatidamiz.
Mamlakatlaringiz milliy delegatsiyalari tarkibiga ta’lim vazirlari, yetakchi universitetlari rektorlari, olimlar va ekspertlari qo‘shilsa, biz bundan mamnun bo‘lar edik.
Turizm sektori mintaqaviy hamkorlikning yangi drayveriga aylanib bormoqda. Mamlakatlarimizdagi ichki mintaqaviy turistik oqim ulushi so‘nggi yillarda sezilarli darajada oshdi.
Turistik almashuvni kengaytirish maqsadida “Bitta tur – butun mintaqa” tamoyili bo‘yicha milliy ay-di kartalarni o‘zaro tan olish va ommaviy turistik mahsulotlarni ishlab chiqish masalalarini o‘rganib chiqishni taklif qilamiz.
Hurmatli hamkasblar!
Bugun biz muhim hujjatlarni, shu jumladan, Mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishni 2040 yilgacha mo‘ljallangan konsepsiyasini imzolayapmiz.
Munosabatlarimizning shartnomaviy-huquqiy bazasini mustahkamlash va uni yanada rivojlantirish uchun Markaziy Osiyoda strategik sheriklik va hamkorlik to‘g‘risida ko‘p tomonlama bitimni imzolashga tayyorlashni taklif qilamiz.
Ishonchim komil, bugungi uchrashuvning sermahsul natijalari mintaqada do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik yanada mustahkamlanishiga, xalqlarimizning farovonligi yo‘lida o‘zaro amaliy hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi.
Fursatdan foydalanib, Sizlarning barchangizni kelgusi yil avgust oyida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi sammitida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga taklif qilaman.
E’tiboringiz uchun tashakkur.