O'zbekiston va Kuvayt tashqi ishlar vazirlari o'zaro Anglashuv memorandumini imzoladilar
O'zbekiston va Kuvayt tashqi ishlar vazirlari o'zaro Anglashuv memorandumini imzoladilar
TOSHKENT, 14-avgust. /"Dunyo" AA/. Tashrif bilan Al-Kuvaytda bo'lib turgan O'zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Kuvayt tashqi ishlar vaziri Abdulla Ali al-Yahyo bilan muzokara o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
"Hamkasbim, Kuvayt tashqi ishlar vaziri Abdulla Ali al-Yahyo janoblari bilan birgalikda ikki tomonlama kun tartibimizdagi barcha yo'nalishlarni muhokama qildik, – deb yozdi O'zbekiston TIV rahbari o'zining telegram kanalida. – Shubhasiz, O'zbekiston va Kuvayt o'rtasidagi sheriklikda hali foydalanilmagan ulkan salohiyat mavjud. Iqtisodiy aloqalarni rag'batlantirish, mintaqalarimiz o'rtasidagi bog'liklikni kengaytirish, muntazam almashinuvlarni faollashtirish, o'zaro shartnomaviy-huquqiy asosni kuchaytirish, xalqlarimiz o'rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash va kadrlar salohiyatini oshirish ustuvor vazifalarimizdan bo'lib qolmoqda. Shuningdek, ikki davlat Tashqi ishlar vazirliklari o'rtasida diplomatik kadrlar tayyorlash institutlari o'rtasida hamkorlik to'g'risida o'zaro Anglashuv memorandumini imzoladik".
TIV ma'lumotiga ko'ra, tashrif davomida qator ikki tomonlama muzokaralar, yetakchi tadbirkorlar bilan uchrashuvlar va O'zbekiston-Kuvayt biznes-forumida ishtirok etish rejalashtirilgan.