Uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi natijalari Kuvayt OAV diqqat markazida
Uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi natijalari Kuvayt OAV diqqat markazida
AL-KUVAYT, 28-avgust. /"Dunyo" AA/. Kuvaytning ommabop "Q8 Press" elektron nashrida "O'zbekiston iqtisodiyotning qaysi sohalariga xorijiy investitsiyalarni jalb qilmoqda?" sarlavhali maqola joylashtirildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
"O'zbekiston 2030" strategiyasi mamlakat yalpi ichki mahsulotini 160 milliard dollarga, aholi jon boshiga to'g'ri keladigan daromadni esa 4 ming dollarga yetkazishni maqsad qilgan. Bu maqsadga faqat ichki bozor orqali erishish mumkin emas, shuning uchun xorijiy investitsiyalarni faol jalb etish va eksport hajmini oshirish nihoyatda muhim hisoblanadi", – deyiladi nashrda.
Qayd etilganidek, bu jarayonda Toshkent xalqaro investitsiya forumining o'rni juda katta. Shu yilning may oyida uchinchi Toshkentda xalqaro investitsiya forumi o'tkazildi. Bu O'zbekiston iqtisodiyoti va xalqaro investitsiya hamjamiyati uchun muhim voqea bo'ldi. Forumdan ko'zlangan asosiy maqsad xorijiy sarmoya oqimini ko'paytirish hamda O'zbekiston va boshqa davlatlar o'rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishdan iborat
"O'zbekiston Prezidenti forumdagi qutlov nutqida so'nggi yillarda respublikaga 60 milliard dollardan ortiq xorijiy sarmoya jalb etilganini, shundan qariyb 14 milliard dollari xalqaro moliya institutlari hissasiga to'g'ri kelishini ta'kidladi. Ushbu investitsiyalar ijtimoiy tarmoqlar va infratuzilmaga yo'naltirilgan", – deb yozgan Kuvayt elektron nashri.
Ta'kidlanishicha, joriy yilgi forum 93 mamlakatdan 2500 dan ortiq ishtirokchini birlashtirdi.
Toshkent xalqaro investitsiya forumi yakunlari bo'yicha umumiy qiymati 26,6 milliard dollarlik shartnomalar imzolangani O'zbekistonning yuqori sarmoyaviy jozibadorligi va forum muvaffaqiyatidan dalolat beradi. Taqqoslash uchun 2022-yildagi forumda 11 milliard dollarlik 167 hujjat imzolangan.
Maqola yakunida "O'zbekiston xalqaro maydondagi strategik sherik sifatidagi rolini yana bir bor tasdiqlab, jahon sarmoyadorlari e'tiborini o'ziga qaratib, mintaqa iqtisodiy o'sishiga hissa qo'shmoqda", – deb ta'kidlangan.