Al-Jarida" gazetasi: O'zbekiston Osiyo mintaqasida Inson huquqlarini ta'minlash borasida yagona tizim tashkil etish tarafdori
Al-Jarida" gazetasi: O'zbekiston Osiyo mintaqasida Inson huquqlarini ta'minlash borasida yagona tizim tashkil etish tarafdori
AL-KUVAYT, /"Dunyo" AA/. Kuvaytning ommabop "Al-Jarida" gazetasida "Yangi O'zbekistonda fuqarolarning huquqlari Konstitutsiya bilan himoyalangan" sarlavhali maqola chop etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Nashrda hozirgi vaqtda O'zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi 80 dan ortiq xalqaro hujjat qoidalari milliy qonunchilikda o'z ifodasini topayotgani ta'kidlangan.
"2023-yil 30-aprelda o'tkazilgan umumxalq referendumi orqali qabul qilingan O'zbekiston Konstitutsiyasining yangi tahriri Yangi O'zbekistonda inson huquqlarini ta'minlash va himoya qilish konstitutsiyaviy asoslarini mustahkamladi, – deyiladi maqolada. – Konstitutsiyaning 65 moddasiga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritildi, ularning 16 tasi inson huquq va erkinliklarini ta'minlash kafolatlarini yanada ta'minlashga qaratilgan".
Materialda O'zbekiston Konstitutsiyasining 54-moddasida birinchi marta "Inson huquq va erkinliklarini ta'minlash – davlatning eng oliy maqsadi" degan qoida mustahkamlangani qayd etilgan. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada inson huquqlarini konstitutsiyaviy himoya qilishning subyektlari to'liq kengaytirildi.
O'zbekiston Osiyo mintaqasida Inson huquqlari bo'yicha yagona tizim yaratish tashabbusini ilgari surmoqda. Shu munosabat bilan Samarqand inson huquqlari forumi doimiy maydonchasi yaratildi. O'zbekistonning inson huquqlarini ta'minlash sohasidagi yutuqlari xalqaro hamjamiyat tomonidan ijobiy baholanib, 2020-yil 13-oktabrda O'zbekiston ilk bor 2021-2023-yillar uchun uch yillik muddatga BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashiga saylandi.
"2021-yil noyabr oyida O'zbekistonning Jenevadagi BMTdagi doimiy vakili 2022-yilda IHK raisining to'rtta o'rinbosaridan biri lavozimiga ma'qullangan edi. 2024-yil 29-mayda Xalqaro fuqarolik va siyosiy huquqlar pakti ishtirokchi davlatlarining 40-sessiyasi doirasida O'zbekiston vakili 2025-2028-yillar uchun BMTning Inson huquqlari qo'mitasi a'zosi etib saylandi", – deya ma'lum qilgan gazeta.
Maqola "Davlatning insonparvar siyosati amalda namoyon bo'lishi nafaqat inson huquq va erkinliklarini himoya qilish sohasida, balki boshqa sohalarda ham yangilanishlar misolida ko'rinib turadi. Davlat qurilishi, ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va gumanitar sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar va demokratik o'zgarishlar, aholi farovonligi hamda hayot sifati darajasining oshishi inson huquq va manfaatlarini yuksak darajada ta'minlashga xizmat qiladi", – deb yakunlagan "Al-Jarida" gazetasi.