Times Kuwait" gazetasi: O'zbekiston jahon investorlari e'tiborini o'ziga qaratmoqda
Times Kuwait" gazetasi: O'zbekiston jahon investorlari e'tiborini o'ziga qaratmoqda
AL-KUVAYT, 27-avgust. /"Dunyo" AA/. Kuvaytning ingliz tilida bosiladigan "Times Kuwait" ommabop gazetasida "O'zbekiston iqtisodiyotning qaysi sohalariga xorijiy investitsiyalarni jalb qilmoqda" sarlavhali maqola chop etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Unda "O'zbekiston 2030" strategiyasida mamlakat yalpi ichki mahsulotini 160 milliard dollarga, aholi jon boshiga to'g'ri keladigan daromadni esa 4 ming dollarga yetkazish maqsadi belgilangani ta'kidlangan. Bu maqsadga faqat ichki bozor orqali erishish mumkin emas, shuning uchun xorijiy investitsiyalarni faol jalb etish va eksport hajmini oshirish nihoyatda muhim hisoblanadi.
Muallifning yozishicha, bu jarayonda Toshkent xalqaro investitsiya forumining o'rni nihoyatda muhim. Ma'lum qilinganidek, 2024-yil may oyida III Toshkent xalqaro investitsiya forumi o'tkazildi. "Mazkur forum ham O'zbekiston iqtisodiyoti va xalqaro investitsiya hamjamiyati uchun muhim voqea bo'ldi. Forumdan ko'zlangan asosiy maqsad xorijiy investitsiyalar oqimini ko'paytirish hamda O'zbekiston va boshqa davlatlar o'rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishdan iborat", – deyiladi maqolada.
Nashrda yozilishicha, O'zbekiston Prezidenti forum ishtirokchilariga qutlov nutqida so'nggi yillarda respublikaga 60 milliard dollardan ortiq xorijiy investitsiyalar jalb etilganini, shundan qariyb 14 milliard dollari xalqaro moliya institutlari hissasiga to'g'ri kelishini ta'kidladi. Ushbu investitsiyalar ijtimoiy tarmoqlar va infratuzilmaga yo'naltirildi.
Muallif forum 93 mamlakatdan 2500 dan ortiq ishtirokchini jalb etib, global muloqot va tajriba almashish uchun platforma yaratganiga e'tibor qaratgan.
Kuvayt bosma nashri, shuningdek, III Toshkent xalqaro investitsiya forumi yakunlari bo'yicha umumiy qiymati 26,6 milliard dollarlik shartnomalar imzolangani O'zbekistonning yuqori investitsiyaviy jozibadorligi va iqtisodiy tadbir muvaffaqiyatidan dalolat berishini qayd etgan.
"Uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi nihoyasiga yetsa ham biroq rejalashtirilgan tashabbuslar va imzolangan kelishuvlar sarmoyalarni jalb etish hamda barqaror taraqqiyotni ta'minlash bo'yicha faol ish olib borishni va'da qilmoqda. O'zbekiston xalqaro maydondagi strategik sherik sifatidagi rolini yana bir bor tasdiqlab, jahon investorlari e'tiborini o'ziga qaratish orqali mintaqa iqtisodiy o'sishiga hissa qo'shmoqda", – deb yakunlanadi maqola.