Oʻzbekiston Prezidenti Rossiya TIV rahbarini qabul qildi
2020-yil 16-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda rasmiy tashrif bilan boʻlib turgan Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Sergey Lavrovni qabul qildi.
Uchrashuv avvalida Prezidentimiz strategik sheriklik va ittifoqchilikka asoslangan ikki tomonlama munosabatlarning rivojlanish surʼati tobora ortib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.
Oliy darajadagi muloqot muntazamlik kasb etgani, oʻzaro almashinuvlar misli koʻrilmagan darajada faollashgani, koʻp qirrali hamkorlik, avvalo, savdo-iqtisodiy, investitsiya, energetika, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar sohalar, taʼlim va boshqa ustuvor yoʻnalishlarda kengayib borayotgani bundan dalolat beradi.
Sergey Lavrov samimiy qabul uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi hamda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning dildan salomlarini yetkazdi. Ikki rahbarning mamlakatlarimiz oʻzaro hamkorlikda bugungi darajaga erishishidagi hal qiluvchi roli alohida qayd etildi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston-Rossiya munosabatlarining dolzarb masalalari koʻrib chiqildi, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik mavzular yuzasidan fikr almashildi.
Joriy yilda oʻtkazilishi rejalashtirilgan oliy darajadagi uchrashuvlarga tayyorgarlik masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
OʻzA