Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz uch yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi
Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz uch yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi
Assalomu alaykum, qadrli vatandoshlar!
Muhtaram mehmonlar!
Xonimlar va janoblar!
Siz, azizlarni, ko‘p millatli xalqimizni bugungi ulug‘ ayyom bilan chin qalbimdan tabriklab, barchangizga o‘zimning yuksak hurmatim, ezgu tilaklarimni izhor etishdan baxtiyorman.
Mustaqillik bayrami barchamizga muborak bo‘lsin!
Qadrli do‘stlar!
Mana shu hayajonli daqiqalarda hammamiz milliy istiqlolimiz naqadar bebaho ne’mat ekanini, uning tarixiy ahamiyatini yanada chuqur his etmoqdamiz.
Aynan mustaqillik tufayli milliy davlatchiligimiz qayta tiklandi. O‘zbekiston yangi tarixiy davrga qadam qo‘ydi. Aynan istiqlol tufayli Jahon hamjamiyatidan munosib o‘rin egalladik.
Bu bilan har qancha faxrlansak, g‘ururlansak arziydi.
Shunday qutlug‘ kunda O‘zbekiston mustaqilligi uchun kurashgan vatanparvar ajdodlarimiz xotirasini minnatdorlik bilan yodga olishimiz tabiiy, albatta.
Ular – o‘z xalqini taraqqiyot sari boshlagan jadid bobolarimiz, milliy ozodlik yo‘lida jon fido etgan ulug‘ ajdodlarimizdir. Ular – g‘oyat og‘ir sharoitda ham milliy istiqlol va hurriyat g‘oyalariga sodiq qolgan qahramonlarimizdir. Bugun ularning ezgu g‘oya va tamoyillariga tayanib, yangi hayot, yangi jamiyat poydevorini yaratmoqdamiz.
Bu fidoyi zotlarning nomlarini hech qachon unutmaymiz!
Ularning xotirasi qalbimizda, yuragimizda hamisha yashaydi!
Hurmatli bayram ishtirokchilari!
Keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida ulkan qadamlar qo‘ydik. Har bir ishimiz, har bir yutug‘imizda istiqlolning buyuk qudrati yorqin namoyon bo‘lmoqda.
Vatanimiz dunyoga, dunyo esa yurtimizga keng ochilmoqda. Mintaqamiz va butun jahonda do‘stlarimiz, hamkorlarimiz ko‘paymoqda.
So‘nggi 7 yilda O‘zbekiston tashabbuslari asosida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan 10 dan ziyod, jumladan, joriy yilda 4 ta maxsus rezolyutsiya qabul qilindi.
Jahon banki bu yil mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti 5,3 foizga o‘sishini prognoz qildi. Ko‘plab davlatlar bilan solishtirganda bu ancha yuqori ko‘rsatkichdir. Xalqaro valyuta jamg‘armasi e’tirof etganidek, 2023 yilda yalpi ichki mahsulotimiz ilk bor 100 milliard dollardan oshdi.
Barcha islohotlarimizning ruhi va mazmuniga “Inson qadri uchun, el-yurt baxti uchun!” degan ezgu g‘oya chuqur kirib bormoqda.
Iqtisodiy yutuqlarimiz joriy yil sentyabr oyidan pensiya va nafaqalar miqdorini, oktyabr oyidan esa byudjet xodimlari, shifokorlar va pedagoglar maoshini oshirish imkonini bermoqda.
Odamlarimizda hayotdagi muammolar yechimiga daxldorlik hissi, faol fuqarolik pozitsiyasi kuchaymoqda. Aholimiz “Tashabbusli byudjet” loyihasida faol qatnashib, mahallalar hamda ijtimoiy ob’ektlarni moliyalashtirishni mustaqil hal etmoqda. O‘tgan davrda yurtdoshlarimiz ma’qullagan 13 mingdan ortiq loyihalar uchun 11 trillion so‘m mablag‘ ajratilgani ham buni tasdiqlaydi.
Ekologiyani asrash, tabiiy resurslarni tejab ishlatish, jumladan, suvdan oqilona foydalanish bo‘yicha zamonaviy tizimlarga o‘tish ishlarini kuchaytirdik.
Mamlakatimizda “Yashil makon” dasturi davom etmoqda. Ayniqsa, Orol dengizi tubini ko‘kalamlashtirish ishlari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Eng muhimi, ushbu loyiha mintaqa bo‘ylab chang va tuz tarqalishining oldini olishga yordam bermoqda.
Muhtaram yurtdoshlar!
Bugungi kunda navqiron farzandlarimiz Yangi O‘zbekiston ravnaqiga munosib hissa qo‘shmoqda.
Buning tasdig‘i yaqinda Parijda bo‘lib o‘tgan XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlarida yana bir bor yaqqol namoyon bo‘ldi. Azmu shijoatli o‘g‘il-qizlarimiz dunyodagi eng yirik sport anjumanida 8 ta oltin, 2 ta kumush, 3 ta bronza medalni qo‘lga kiritdilar.
Ayniqsa, mard va jasur bokschilarimiz Bahodir Jalolov, Hasanboy Do‘smatov, taekvondochi o‘g‘lonimiz Ulug‘bek Rashitov ikki marta olimpiya chempioni degan yuksak sharafga sazovor bo‘ldilar. Ular milliy sportimiz tarixida shonli sahifa ochdilar.
Hech shubhasiz, olimpiya chempionlari Diyora Keldiyorova, Lazizbek Mullajonov, Abdumalik Xaloqov, Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev, Razambek Jamalov, kumush medal sovrindorlari Svetlana Osipova, Akbar Jo‘rayev, bronza medal sohiblari Alisher Yusupov, Muzaffarbek To‘raboyev va G‘ulomjon Abdullayev ham Parij maydonlarida chinakam qahramonlik namunasini ko‘rsatdilar.
O‘zbekiston tarixida tom ma’noda rekord natijalar, mislsiz yutuqlarga erishgan g‘olib va muzaffar sportchilarimizga shon-sharaflar bo‘lsin!
Albatta, Parij maydonlarida qo‘lga kiritilgan barcha yutuq va natijalar olimpiyachilarimizning xalqimizga munosib bayram sovg‘asi bo‘ldi.
Fursatdan foydalanib, Parij Olimpiadasida Vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘targan mohir sportchilarimizni, ularning ota-onalari va ustoz-murabbiylarini o‘z nomimdan, xalqimiz nomidan yana bir bor chin dildan qutlayman.
Shu kunlarda Parijdan yana ketma-ket quvonchli xabarlar kelmoqda. Paralimpiyachi o‘g‘il-qizlarimiz ham xalqimiz uchun Mustaqillik bayramiga munosib sovg‘alar hadya etishmoqda.
Mahoratli sportchilarimiz Asila Mirzayorova, Qudratulla Ma’rufxo‘jayev, Elbek Sultonov oltin medallarni, matonatli farzandlarimiz Ziyodaxon Isoqova, Kubaro Hakimova kumush medallarni, Muslima Odilova, Tolibboy Yo‘ldoshev, Mohigul Hamdamova esa bronza medallarini qo‘lga kiritdilar.
Mana, bizning qanday qahramonlarimiz, qanday o‘tyurak pahlavonlarimiz bor! Ularga tahsin va tasannolar bo‘lsin!
Ana shu jasur va fidoyi farzandlarimizni chin dildan qutlab, bunday yutuqlardan ruhlangan sportchilarimiz albatta yanada yuksak marralarni egallaydilar, yurtimizga albatta katta-katta g‘alabalar bilan qaytadilar, deb ishonamiz.
Hurmatli do‘stlar!
Bugungi nihoyatda murakkab va tahlikali davr oldimizga yangi-yangi sinov va muammolarni ko‘ndalang qilib qo‘ymoqda. Lekin hayot qanchalik mashaqqatli bo‘lmasin, mamlakatimizda demokratik islohotlarni izchil davom ettirib, xalqimizni rozi qilishga, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.
Qurolli Kuchlarimizni zamonaviy qurol-yarog‘ va texnika bilan ta’minlash, ularning jangovar va ma’naviy salohiyatini oshirishga bundan buyon ham ulkan e’tibor qaratamiz.
Lekin tinchlikni saqlash faqat harbiylarimizning ishi bo‘lib qolmasligi kerak. Bu barchamizning, har bir O‘zbekiston fuqarosining muqaddas burchi bo‘lishi shart.
Yurtning kuchi – birlikda, qadri esa tinchlikdadir!
Muhtaram vatandoshlar!
Hozirgi kunda Yangi O‘zbekistonni barpo etishda asosiy e’tiborni beshta ustuvor yo‘nalishga qaratmoqdamiz.
Bular, avvalo, sifatli ta’lim tizimini yo‘lga qo‘yish, biznesni rivojlantirish, korrupsiyadan xoli, adolatli sud tizimini yaratish, sog‘liqni saqlash sohasini tubdan yaxshilash, ekologik barqarorlikni ta’minlashdan iborat.
Muammolarimizning yechimi, savollarimizning javobi faqat va faqat ta’limda. Hamma eshiklarni ochadigan kalit ham – faqat va faqat ta’lim va tarbiyadir.
Shu sababli maktab ta’limini isloh qilish bo‘yicha katta dastur qabul qildik. Maktablarimizda avvalo ona tili va adabiyotni chuqur o‘rgatishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Farzandlarimizga chet tillaridan sifatli ta’lim berish maqsadida xorijiy til egalarini olib kelmoqdamiz. Maktab o‘quvchilari jahondagi ilg‘or tajribalar asosida tayyorlangan zamonaviy darsliklar bilan ta’minlanmoqda.
Yurtimizda dunyodagi nufuzli oliygohlarning filiallarini ochib, O‘zbekistonni yirik ta’lim markaziga aylantirishni maqsad qilganmiz. Yoshlarimiz yetakchi xorijiy universitetlarda tahsil olib, tajriba orttirib, Vatan ravnaqi yo‘lida xizmat qilishga bel bog‘laganlar. Buning uchun ularga “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali yanada qulay imkoniyatlar yaratamiz. Ayniqsa, xotin-qizlarning bilim olishlari, kasb egallashlariga alohida e’tibor qaratishimiz lozim.
Men hurmatli ota-onalarga qarata aytmoqchiman: qizlaringizni o‘qiting, orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarishlarida ularga ko‘makchi bo‘ling!
Ulug‘larimiz aytganlaridek, o‘g‘il bolani o‘qitsak, bir kishi savodli bo‘ladi. Qiz bolani o‘qitsak, butun oila, butun jamiyat bilimli bo‘ladi!
Bugun O‘zbekistonning barcha yoshlariga murojaat qilmoqchiman.
Qadrli o‘g‘il-qizlarim, mamlakatimiz istiqboli, barcha ezgu niyatlarimiz ijobatini biz avvalo sizlarning timsolingizda ko‘ramiz. Kelajakda turli sohalarda ulkan yutuq va zafarlarga erishib, yurtimizni dunyoga yanada keng tarannum etishingizni istaymiz.
Marrani baland oling, siz buyuk ishlarga qodirsiz!
Hamisha o‘z kuchingiz, qat’iyat va salohiyatingizga ishoning!
Davlatimiz, xalqimiz, Prezident sizlarni bu yo‘lda doimo qo‘llab-quvvatlaydi, har qanday yordamni ayamaydi.
Hurmatli bayram ishtirokchilari!
Biz Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish yo‘lidagi sa’y-harakatlarimizni qat’iy davom ettiramiz. Alohida kompaniyalarga berilgan monopol huquq va imtiyozlarni bosqichma-bosqich bekor qilib, barchaga teng huquqlar berilishini ta’minlaymiz.
Joriy yilda energetika, neft-gaz, suv xo‘jaligi, yo‘l qurilishi, temir yo‘l va aeroport xizmati sohalarida 17 turdagi davlat monopoliyasini tugatish to‘g‘risida qaror qabul qildik. Bu ishlarni davom ettirib, mamlakatimizni xalqaro savdo makonining ajralmas qismiga albatta aylantiramiz.
Yana bir dolzarb masala – aholini munosib ish o‘rinlari bilan ta’minlashdir. Biz bu borada tadbirkorlarimizga tayanamiz. Shu bois, ularni qo‘llab-quvvatlashni yanada kengaytiramiz.
Tadbirkorlar bilan har yili yuzma-yuz muloqot qilmoqdamiz. Ularni qiynayotgan muammolarga yechim topib, sohani qo‘llab-quvvatlash uchun tegishli qarorlar qabul qilyapmiz.
Zamonning o‘zi tadbirkorlarimizdan keng miqyosda fikrlab ish yuritishni, jahon bozorlarida raqobatdosh mahsulot yaratishni talab etmoqda.
Bu yo‘lda ularga omad va yutuqlar tilaymiz.
Hurmatli vatandoshlar!
Biz endi 37 millionlik katta xalqmiz. O‘zbekiston hozirgi kunda aholi soni bo‘yicha jahondagi eng yirik 40 ta davlatdan biri hisoblanadi. Bu raqamni islohotlarimiz, mehnatimiz, bilim va qobiliyatimiz bilan katta salohiyatga aylantirishimiz kerak.
Dengizga chiqish imkoniyatimiz cheklanganini inobatga olib, e’tiborimizni kreativ sohalarga qaratishimiz, ularni jadal rivojlantirishimiz zarur. Jahonda kreativ sanoat mahsulotlari eksportidan yiliga milliardlab dollar daromad topayotgan mamlakatlar ko‘p. Binobarin, shunday mahsulot ishlab chiqarishga bel bog‘lagan ijodkor ishbilarmonlarimizni, ayniqsa, yoshlarimizni har tomonlama rag‘batlantiramiz.
Muhtaram do‘stlar!
Biz bundan sakkiz yil oldin Markaziy Osiyoni tashqi siyosatimizning eng ustuvor yo‘nalishi deb belgiladik. Shu asosda qo‘shnilarimiz bilan do‘stona munosabatlar tubdan yaxshilandi.
Barchamizning fidokorona mehnatimiz bilan xalqlarimizning barqaror taraqqiy etgan, tinchlik va hamjihatlik ruhi hukm suradigan Yangi Markaziy Osiyo haqidagi orzusi real haqiqatga aylanmoqda.
Mintaqamiz iqtisodiy o‘sish va investitsion faollik markazlaridan biri sifatida jadal rivojlanmoqda.
Bugungi noyob tarixiy imkoniyatlar asosida Markaziy Osiyoda har tomonlama sog‘lom siyosiy muhit, kelgusi avlodlar uchun erkin va xavfsiz kelajak yaratishimiz zarur.
Ayni paytda dunyoning barcha davlatlari bilan teng huquqli, o‘zaro manfaatli aloqalarimizni yangi bosqichga ko‘taramiz.
Fursatdan foydalanib, Yangi O‘zbekistonning barqaror rivojlanish va taraqqiyotni ta’minlashga qaratilgan tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlab kelayotgan xorijiy do‘stlarimiz va hamkorlarimizga, bugungi tantanamizda ishtirok etayotgan diplomatik korpus vakillariga samimiy minnatdorlik izhor etaman.
Qadrli vatandoshlar!
Shu kunlarda yurtimiz muhim siyosiy voqea arafasida turibdi. 27 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va hududlardagi vakillik organlariga saylovlar o‘tkaziladi.
Ushbu saylovlar yangilangan Konstitutsiyamiz belgilab bergan ijtimoiy-siyosiy muhitda, rivojlangan davlatlardagi kabi ilk bor aralash saylov tizimi asosida o‘tkaziladi. Siyosiy partiyalar tomonidan Qonunchilik palatasiga deputatlikka nomzodlar ko‘rsatishda hurmatli ayollarimizning ulushi kamida 40 foiz bo‘lishi belgilab qo‘yildi.
Ishonaman, bo‘lg‘usi saylovlar xalqaro saylov standartlari va milliy saylov qonunchiligiga to‘la muvofiq holda, kuchli raqobat muhitida bo‘lib o‘tadi.
Fursatdan foydalanib, butun xalqimizni saylovda faol ishtirok etib, Yangi O‘zbekiston uchun, erkin va farovon hayot, farzandlarimizning baxti va istiqboli uchun ovoz berishga chaqiraman.
Aziz va muhtaram yurtdoshlar!
Bugun shiddatli hayotning o‘zi barchamizni yanada ulkan marralar sari da’vat etmoqda. O‘z kuchimiz va salohiyatimiz bilan barpo etgan mustaqil davlat, erkin va ozod jamiyatni yanada kuchli, yanada go‘zal va obod etish bosh vazifamizga aylanmoqda.
Bu shunday yuksak marraki, unga erishish uchun har qancha mehnat qilsak arziydi.
Bu shunday buyuk, sharafli maqsadki, unga butun borlig‘imizni baxsh etsak arziydi.
Men ishonaman – barchamiz bir bo‘lib, aql-zakovat, bilim va tajribamiz, kuch-g‘ayratimizni ishga solib, bu ulug‘ manzilga albatta yetamiz. Yorug‘ va nurafshon kelajagimizni – Yangi O‘zbekistonni albatta barpo etamiz!
Bugungi imkoniyatdan foydalanib, mana shunday ezgu g‘oya atrofida birlashib, islohotlarimizni qo‘llab-quvvatlab kelayotgan, fidokorona mehnati bilan yangi hayot binosini barpo etayotgan buyuk xalqimizga farzandlik mehri bilan ta’zim qilaman.
Siz, azizlarni, butun xalqimizni davlatimiz mustaqilligining o‘ttiz uch yillik bayrami bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman.
Yashasin O‘zbekiston Respublikasi!
Yashasin O‘zbekiston xalqi!