Yangi O'zbekiston parlamentining demokratik huquqiy mamlakatni barpo etishdagi roli Kuvayt OAV nigohida
Yangi O'zbekiston parlamentining demokratik huquqiy mamlakatni barpo etishdagi roli Kuvayt OAV nigohida
AL-KUVAYT, 7-sentabr. /"Dunyo" AA/. Kuvaytning "Al-Jarida" gazetasida "Yangi O'zbekiston parlamentining yangi vakolatlari" sarlavhali maqola chop etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
"O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning dastlabki tashabbuslaridan biri fuqarolarning o'z saylov huquqlaridan qulay foydalanishini ta'minlaydigan, tarqoq holda ko'plab qonunchilik hujjatlarida mustahkamlangan saylov huquqlarini yagona Saylov kodeksini qabul qilish zarurati bo'ldi", – deyiladi maqolada.
5 ta asosiy qonun va ko'plab qonunosti hujjatlari, O'zbekiston Markaziy saylov komissiyasining idoraviy hujjatlarini tizimlashtirish va modernizatsiya qilish natijasida O'zbekiston Saylov kodeksi ishlab chiqildi va 2019-yil 26-iyundan kuchga kirdi.
"Saylov kodeksining muhim ahamiyati va maqsadlaridan biri – bu, xalqaro andozalar va rivojlangan davlatlarning ilg'or demokratik tajribasiga to'la mos keladigan saylov huquqlarining quyidagi asosiy prinsiplari, saylov huquqining umumiyligi, teng saylov huquqi, to'g'ridan-to'g'ri saylov huquqi, yashirin ovoz va saylov erkinligini mustahkamlash, shuningdek, O'zbekiston saylov tizimining asosiy prinsiplarini, jumladan, saylovning ochiqligi va oshkoraligi prinsipini belgilashdan iborat", deyiladi nashrda.
O'zbekiston Saylov qonunchiligidagi katta ijtimoiy xavfli bo'lmagan va uncha og'ir bo'lmagan jinoyatlar uchun ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslarning saylovda ishtirok etishini cheklovchi normani chiqarib tashlanishi, O'zbekiston saylovchilarning yagona elektron ro'yxati va saylov kuni ovoz berish uchun yagona byulletenini joriy qilinishi, bir nechta nomzod yoki partiyani qo'llab-quvvatlovchi saylovchilar imzosini qo'yish imkoniyatini yaratilishi kabi muhim yangiliklar qayd etilgan.
Yangilangan Konstitutsiya sharoitida asosiy vazifalarni qayta ko'rib chiqish orqali O'zbekiston parlamenti – O'zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining davlat hokimiyati tizimidagi rolini kuchaytirish konstitutsiyaviy islohotlarning yana bir ustuvor yo'nalishi bo'ldi.
Maqola yakunida "Mamlakat parlamentining yangi qiyofasini shakllantirish bilan bog'liq ushbu va boshqa dolzarb masalalarning yechimi O'zbekistonda zamonaviy parlamentarizmning yanada rivojlanishini ta'minlaydi, parlamentning davlat qurilishining demokratik huquqiy mamlakatni barpo etish strategik maqsadiga erishishdagi roli va o'rnini mustahkamlaydi", – deb yozilgan.