Kuvaytda O'zbekiston mustaqilligining o'ttiz uch yilligi munosabati bilan ma'naviy-ma'rifiy tadbir bo'lib o'tdi
Kuvaytda O'zbekiston mustaqilligining o'ttiz uch yilligi munosabati bilan ma'naviy-ma'rifiy tadbir bo'lib o'tdi
AL-KUVAYT, 30-sentabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekistonning Kuvaytdagi elchixonasida mamlakatimiz mustaqilligining o'ttiz uch yilligiga bag'ishlangan ma'naviy-ma'rifiy tadbir tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Tantanali marosimda Kuvaytning yetakchi biznes va ommaviy axborot vositalari vakillari hamda ushbu davlatda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimiz qatnashdi.
Ishtirokchilarga joriy yil O'zbekiston mustaqilligining 33 yilligi mamlakatimizda xorijda keng nishonlanayotgani, mustaqillikning mazmun-mohiyati va ahamiyati, istiqlol yillarida milliy o'zbek davlatchiligi qayta tiklanganligi, yangi tarixiy davrga qadam qo'yilgani ta'kidlandi.
So'nggi yillarda O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida yurtimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar natijasida respublikaning jahon hamjamiyatidagi mavqei yana-da yuksalib borayotgani qayd etildi.
Mamlakatimizda bozor munosabatlariga asoslangan iqtisodiy o'zgarishlar natijasida Yangi O'zbekiston xorijiy davlatlar, shu jumladan, ko'rfaz arab mamlakatlari uchun jozibali maskanga aylanayotgani urg'ulandi.
Joriy yil O'zbekiston va Kuvayt o'rtasidagi ikki tomonlama aloqalar sezilarli darajada mustahkamlangani va turli darajalardagi delegatsiyalar almashinuvi faollashgani ma'lum qilindi. Xususan, shu yilning so'nggi 7 oy davomida O'zbekiston va Kuvayt TIV rahbarlari to'rt marotaba uchrashgani, ularda ikki tomonlama munosabatlarni yana-da rivojlantirishning istiqbolli yo'nalishlari muhokama qilingani qayd etildi.
Tadbir ishtirokchilariga, shuningdek, 27-oktabr kuni bo'lib o'tadigan O'zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlari saylovi haqidagi ham ma'lumot berildi.
O'zbekiston tarixida birinchi marta parlament quyi palatasi deputatlari saylovi aralash saylov tizimi, ya'ni majoritar-proporsional tizim asosida o'tkazilishi qayd etildi. Joriy saylovlarni o'tkazish uchun 11 mingga yaqin saylov uchastkasi ochilganligi, shulardan 56 tasi 39 xorijiy davlatda tashkil etilgani ta'kidlandi
Bayram kechasi yakunida yig'ilganlar uchun o'zbekona dasturxon yozilib, milliy taomlar ulashildi.