Al-Kuvaytda O'zbekistonning investitsiyaviy va turistik imkoniyatlariga bag'ishlangan taqdimot tadbiri o'tkazildi
Al-Kuvaytda O'zbekistonning investitsiyaviy va turistik imkoniyatlariga bag'ishlangan taqdimot tadbiri o'tkazildi
AL-KUVAYT, 5-oktabr. /"Dunyo" AA/. Kuvaytda O'zbekistonning investitsiyaviy va turistik imkoniyatlariga bag'ishlangan taqdimot tadbiri o'tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Kuvaytlik yirik investorlar va ishbilarmon doiralari vakillari qatnashgan tadbirda mamlakatimizda savdo-iqtisodiy sohada amalga oshirilayotgan o'zgarishlar, iqtisodiyotni liberallashtirish va tashqi savdoni rivojlantirish yo'lidagi islohotlar, yurtimizdagi erkin iqtisodiy zonalar hamda xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulayliklar haqida ma'lumot berildi.
Joriy yilning 16-21-oktabr kunlari Toshkent shahri, Farg'ona va Sirdaryo viloyatlarida O'zbekiston-Kuvayt biznes-forumlari o'tkazilishi ma'lum qilindi.
Kuvaytlik tadbirkorlar uchun O'zbekiston hududlarida fermer xo'jaliklarini tashkil etish, kerakli oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash va qadoqlash orqali ularni ko'rfaz arab davlatlariga eksport qilish imkoniyati mavjudligi aytib o'tildi.
Mezbon mamlakat tadbirkorlari O'zbekistonda yetishtirilgan meva-sabzavotlarning o'ziga xos ta'mini e'tirof etish barobarida, ularni eksport qilishga qiziqish bildirishdi.
O'zbekiston turizm salohiyatiga bag'ishlangan taqdimotda Kuvayt fuqarolarining mamlakatimizga kirishi bo'yicha 10 kunlik vizasiz tartib joriy etilgani va hozirgi kunda "Jazeera" aviakompaniyasining Toshkent va Namangan shaharlariga havo qatnovlari yo'lga qo'yilgani ta'kidlandi.
Samarqand, Xiva, Buxoro va Toshkent kabi tarixiy shaharlar, mamlakatimiz tabiatining go'zalligi, o'zbek milliy hunarmandchilik an'analari, urf-odatlarimiz va bayramlarimiz sayyohlar o'rtasida juda mashhurligi urg'ulandi.
Mamlakatimizdagi "madaniy turizm", "ziyorat turizmi", "gastroturizm", "ishbilarmonlik turizmi" kabi dasturlar, shuningdek, O'zbekiston tog'li hududlaridagi turistik inshootlar haqida ham batafsil aytib o'tildi.
Kuvayt kompaniyalari vakillario'zining mahobatli qadimiy obidalari, go'zal tabiati va, albatta, o'zbek xalqining samimiy mehmondo'stligi bilan uyg'unlashgan O'zbekistonning tarixiy shaharlari dunyoning turli burchaklaridan sayyohlarni jalb qilayotganini ta'kidladilar.