Kuvayt OAV O'zbekiston bilan xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish sohasidagi hamkorlik haqida yozmoqda
Kuvayt OAV O'zbekiston bilan xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish sohasidagi hamkorlik haqida yozmoqda
AL-KUVAYT, 7-oktabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Ayubxon Yunusovning Kuvayt xotin-qizlar jamiyatlari uyushmasi boshqaruv kengashi raisi sheyxa Fadiya Sa'd al-Abdulloh as-Saboh bilan o'tkazgan uchrashuvi mahalliy ommaviy axborot vositalari tomonidan keng yoritildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Jumladan, Kuvaytning "Al-Jarida" gazetasida mazkur uchrashuvga bag'ishlangan "Jamiyat taraqqiyotida ayollarning rolini oshirish uchun tajriba almashish" sarlavhali maqola chop etildi.
Unda qayd etilishicha, suhbat chog'ida jamiyatda ayollarni qo'llab-quvvatlash va ularning rolini oshirish, mamlakat rivojiga samarali hissa qo'shish bo'yicha keng qamrovli strategiyalarni qabul qilish uchun turli innovatsion amaliyotlar bo'yicha tajriba almashish muhimligi ta'kidlandi.
Ushbu mamlakatdagi ommabop "Kuwait Times" gazetasida "Ayollarni qo'llab-quvvatlash yo'lida tajriba almashish" sarlavhali maqola ingliz tilida bosildi.
Nashrda yozilishicha, sheyxa Fadiya Sa'd al-Abdulloh as-Saboh xotin-qizlarning turli sohalarda ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish, rahbarlik lavozimlarida ishlayotgan ayollarning faolligini oshirish bo'yicha tajriba almashish uchun xalqaro hamkorlikni yana-da kengaytirish muhimligini bildirgan.
"Muloqot chog'ida tomonlar Kuvayt xotin-qizlar jamiyatlari uyushmasining O'zbekistondagi tegishli tashkilotlar bilan samarali hamkorligiga va har ikki davlat qonunchiligiga muvofiq xotin-qizlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo'yicha aloqalarni yana-da mustahkamlashga alohida e'tibor qaratdilar", – deyiladi maqolada.