O'zbekiston elchisi Kuvayt Amiriga o'zining ishonch yorliqlarini topshirdi
O'zbekiston elchisi Kuvayt Amiriga o'zining ishonch yorliqlarini topshirdi
AL-KUVAYT, 8-oktabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Ayubxon Yunusov Kuvayt Amiri shayx Mish'al al-Ahmad al-Jobir as-Sabohga o'zining ishonch yorliqlarini topshirdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Tadbir davomida, shuningdek, Tanzaniya, Meksika, Braziliya, Gruziya va Vyetnam elchilari ham Kuvayt Amiriga o'zlarining ishonch yorliqlarini taqdim etishdi.
Tantanali marosimdan so'ng, kechgan muloqot davomida Amir shayx shayx Mish'al al-Ahmad al-Jobir as-Saboh 2023-yil iyul oyida Jidda shahrida bo'lib o'tgan "Markaziy Osiyo – Ko'rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi" Strategik muloqoti birinchi sammiti doirasida O'zbekiston Prezidenti bilan bo'lib o'tgan suhbatni iliq taassurotlar bilan yodga oldi.
Kuvayt Amiri mamlakatimiz elchisini ushbu lavozimga kirishi bilan tabriklab, ikki davlat munosabatlarini yana-da mustahkamlash borasidagi faoliyatiga ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.
Eslatib o'tamiz, O'zbekistonning yangi tayinlangan elchisi Ayubxon Yunusov shu yil 6 fevral kuni Kuvayt poytaxtiga tashrif buyurgan edi. Kuvaytga tayinlanishidan oldin u O'zbekiston TIVning Konsullik-huquqiy departamenti boshqarma boshlig'i lavozimida ishlagan.