O'zbekiston sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar Kuvayt OAV nigohida
O'zbekiston sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar Kuvayt OAV nigohida
AL-KUVAYT, 10-oktabr. /"Dunyo" AA/. Kuvaytning "Times Kuwait" gazetasida "O'zbekiston sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan yangi islohotlar amaliy natijalarga qaratilgan" maqola chop etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
O'zbekistonda jinoyat-ijroiya sohasidagi davlat siyosatining asosiy maqsadi jazo hamda uning ijro etish tizimini liberallashtirishga qaratilgan bo'lib, shu asosda qator strategik vazifalar belgilab olindi, deb ma'lum qilingan maqolada.
"Xususan, 2017-2021-yillarda O'zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishlari bo'yicha harakatlar strategiyasida jinoyat, jinoyat-protsessual qonunchiligini takomillashtirish va liberallashtirish, alohida jinoiy qilmishlarni dekriminallashtirish, jinoiy jazolar va ularni ijro etish tartibini insonpapvaplashtirish davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirishning ustuvor yo'nalishlaridan biri sifatida ko'rsatildi", – deyiladi nashrda.
Qayd etilganidek, "O'zbekiston – 2030" strategiyasida ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlash amaliyotini 30 foizdan 20 foizga tushirish vazifasi sud-huquq tizimidagi islohotlarning bosh mezoni sifatida mustahkamlandi.
Nashrda, shuningdek, 2023-yil 30-apreldagi referendumda yangi tahrirdagi O'zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinib, unda xalqaro huquqning umume'tirof etilgan normalari asosida insonning huquq va erkinliklari kafolatlanishi, shuningdek, o'lim jazosining taqiqlanishi belgilab berilgani qayd etilgan.
Maqola yakunida, "Jazoni ijro etish tizimida huquqni qo'llash amaliyoti va qonunchilikni takomillashtirib borish, amalga oshirilayotgan islohotlarni izchillik bilan davom ettirish O'zbekistonda demokratik huquqiy davlat va odil fuqarolik jamiyatini barpo etishga, jamiyatda qonun ustuvorligini ta'minlashga qaratilgan "Inson qadri uchun" ezgu g'oyasini amalda to'liq tatbiq etishga xizmat qilyapti", – deb yozgan Kuvayt bosma nashri.